Kupyansk — Xarkiv oblastidagi muhim temiryo‘l va transport tuguni hisoblanadi. U keng ko‘lamli urushning dastlabki kunlarida bosib olingan, ammo Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida shaharni ozod etgandi.
Oskol daryosining ikki sohilida joylashgan bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlangan hududiga aylantirildi va Kiyevga Rossiya Luhansk oblastida egallab hududlar ichkarisiga, birinchi navbatda — Svatove va Kreminna shaharlari tomon hujum amaliyotlarini tayyorlash imkoniyatini qoldirgandi.
Shu tufayli Rossiya armiyasi uchun o‘zi egallagan hududlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ukrainlarni Kupyanskdan va Oskol sharqiy sohilidan siqib chiqarish muhim edi. Rossiyaliklar 2023 yil kuzida ushbu rejani amalga oshirishga kirishgan.
Shundan buyon Rossiyaning yurish amaliyotlari Kupyanskning o‘zi tomonga ham, undan janubroqdagi hududlarga ham davom etmoqda, RF armiyasi joriy yil oktyabrida shahardan janubda Oskol daryosi bo‘yiga yetib bordi va ukrainlarning bu sohildagi platsdarmini ikkiga ajratib qo‘ydi.
Ko‘p vaqtdan buyon harbiy harakatlar ketayotgan front chizig‘i shahardan 7-9 km masofadan o‘tadi. Rossiya aviatsiyasi har kunlik aviazarbalari bilan bu shaharni ham vayrona holatga keltirgan.
Chorshanba kuni nimalar ro‘y berdi?
13 noyabr kuni RFning to‘g‘ridan to‘g‘ri Kupyansk chegarasiga bostirib kirishga ilk urinishi haqida ma’lum qilindi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi xabar berishicha, chorshanba kuni soat 14:30 dan rossiyalik harbiylar Kupyansk yo‘nalishida ukrain mudofaasini yorib o‘tishga harakat qila boshlagan. «Raqibning shturmchi guruhlari to‘rt to‘lqinda ukrain himoyachilari pozitsiyalariga hujum qildi. Dushman 15 taga yaqin texnikadan foydalandi. Xususan, tanklar, jangovar zirhlangan mashinalar va UR-77 minalardan tozalash qurilmalari», — deyilgan Bosh shtab xabarida.
Bundan tashqari, Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik askarlarning bir qismi Ukraina qurolli kuchlari askarlari kabi kiyinib olgan. Bosh shtab bunday harakatlar urush olib borish qonun-qoidalarini buzish ekanini va harbiy jinoyat sanalishini qayd etgan. Rossiya rasmiy manbalari Ukraina qurolli kuchlarining bu da’vosi yuzasidan munosabat bildirmagan.
Ukraina rasmiylari ishontirishicha, Ukraina qurolli kuchlari raqibning barcha zirhli texnikalarini yo‘q qilib,

















