15 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida qonun prezident tomonidan imzolandi.

Unga ko‘ra, endilikda chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy xamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlari yoki harakatlari ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Ro‘yxatiga kiritish uchun asos buladi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni Ro‘yxatga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi. Ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yul qo‘yilmaydi, shuningdek unga O‘zbekistonda bank hisob-varaqlarini ochish, O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulkni sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkni begonalashtirish mustasno.

Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi va uni Ro‘yxatga kiritishning tegishli asoslarini ushbu muddat ichida bartaraf etmagan taqdirda, Ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilga uzaytiriladi. Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatga kiritilishi uchun asoslar bartaraf etilganidan keyin shaxs Ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatiga yoxud uni Ro‘yxatga kiritish haqida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining iltimosnomasiga asosan muddatidan ilgari Ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet fuqarosining yoki O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatga kiritilishi uning mamlakat hududida qonuniy asoslarda yashash va bo‘lish huquqi bekor qilinishiga sabab buladi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida mazkur shaxsni (uning qonuniy vakilini) belgilangan tartibda bevosita yot diplomatik kanallar orqali 3 ish kuni ichida xabardor qiladi.