Donald Trampning AQSh prezidentligiga qayta saylanishi butun dunyoda ko‘plab jamoalar uchun muammoli bo‘lib turgan bir paytda Italiyaning Sardiniya orolidagi qishloqlardan biri vaziyatdan foydalanib qolish harakatiga tushdi, deb yozmoqda SNN.
Italiyaning aksariyat qishloqlari kabi, Ollolay ham aholi soni kamayishidan huvillab qolgan qishloq fayzini tiklash uchun chet elliklarni ko‘chirib kelish yo‘llarini izlamoqda. Xorijliklarni jalb qilish uchun qishloqdagi eski uylar atigi bir yevro — bir dollardan sal ko‘proqqa sotilmoqda.
5 noyabrdagi saylov natijalaridan so‘ng potensial amerikalik muhojirlar uchun veb-sayt ishga tushirildi. Saytda ko‘proq arzon uy-joylar taklif qilinmoqda. Shu tariqa, qishloq rahbariyati saylov natijalaridan norozi amerikaliklar bo‘sh turgan uylardan birini tezroq sotib olishiga umid qilmoqda.
“Global siyosatdan charchadingizmi? Yangi imkoniyatlar ochib, yanada muvozanatli hayot kechirishni xohlaysizmi?” — deb so‘raydi sayt. “Sardiniyadagi jannatda yevropacha ta’tilni boshlash vaqti keldi”.
Qishloq meri Franchesko Kolumbu CNN telekanaliga veb-sayt prezidentlik saylovlari oldidan amerikalik saylovchilarni jalb etish maqsadida maxsus yaratilganini aytdi. U AQShni yaxshi ko‘rishini ta’kidlab, amerikaliklar uning qishlog‘ini qayta tiklashga yordam bera oladigan eng munosib insonlar ekaniga ishonchini bildirdi.
“Avvalo, amerikaliklarga e’tibor qaratishni va ular bilan ishlashni xohlaymiz”, — dedi u. “Albatta, boshqa mamlakatlardan kelgan odamlarga ariza topshirishni taqiqlay olmaymiz, lekin amerikaliklar uchun jarayon tezlashtiriladi. Ular qishlog‘imizni qayta jonlantirishga yordam berishiga umid qilyapmiz”.
“Imtiyozli munosabat”
Kolumbuning aytishicha, hozirda qishloq uch xil yashash imkoniyatini taklif qilmoqda: raqamli ko‘chmanchilar (dunyoning istalgan nuqtasidan turib, texnologik kompaniyalar uchun onlayn ishlaydigan xodimlar) uchun bepul vaqtinchalik turar joy, ta’mir talab qilinadigan bir yevrolik uylar va 100 000 yevrogacha (105 000 dollar) narxdagi yashashga tayyor uylar.
Shahar meri qiziqish bildirgan xaridorlarga barcha jarayonlarda hamrohlik qiladigan maxsus guruh tuzilganini ma’lum qildi. Bu guruh arzon uy-joylarni ko‘rsatish uchun yakka tartibdagi ekskursiyalarni tashkil etishdan tortib, pudratchilar va quruvchilarni topish hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarda yordam beradi.














