So‘nggi 30 yil ichida dunyoda qandli diabet bilan kasallanganlar soni ikki baravar ko‘payib, 800 milliondan oshdi. Bu haqda xalqaro tadqiqot ma’lumotlariga tayanib The Guardian xabar bermoqda.
Lancet jurnalida chop etilgan global tahlil natijalariga ko‘ra, 1990 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda katta yoshli aholi orasida qandli diabet kasalligi tarqalishi 7 foizdan 14 foizgacha oshib, ikki baravarga ko‘paygan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatilgan.
Ushbu tadqiqot barcha mamlakatlarda qandli diabet va uni davolash ko‘rsatkichlarining ilk global tahlili bo‘ldi. NCD-RisC olimlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda turli mamlakatlarda o‘tkazilgan 1000 dan ortiq tadqiqotlarni tahlil qildi. Ularda ishtirok etgan 18 va undan katta yoshli 140 milliondan ziyod odamning ma’lumotlaridan foydalanildi. Mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida kasallikning tarqalishi va davolash usullarini yuqori aniqlikda taqqoslash uchun statistik vositalar qo‘llandi.
Tadqiqotda, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida tengsizlik tobora ortib borayotgani aniqlandi. Dunyo bo‘ylab qandli diabetga chalinish holatlarining yarmidan ko‘pi to‘rtta mamlakatga to‘g‘ri kelmoqda. 2022 yilda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarning chorak qismidan ortig‘i (212 million) Hindistonda, 148 millioni Xitoyda, 42 millioni AQShda va 36 millioni Pokistonda yashovchilar bo‘lgan. Indoneziya va Braziliyada esa mos ravishda 25 million va 22 million holat qayd etilgan.
Tinch okeani, Karib dengizi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ayrim orol davlatlarida ayollar va erkaklarning 25 foizdan ortig‘i qandli diabet kasalligidan aziyat chekmoqda. Shu bilan birga, yuqori daromadli G‘arb mamlakatlari orasida AQSh (12,5 foiz) va Buyuk Britaniyada (8,8 foiz) qandli diabet bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan.
Aksincha, 2022 yilda qandli diabet tarqalishi Fransiya, Daniya, Ispaniya, Shveytsariya va Shvetsiyada ayollar orasida atigi 2-4 foizni, Daniya, Fransiya, Uganda, Keniya, Malavi, Ispaniya va Ruandada erkaklar orasida 3-5 foizni tashkil etgan.
Dunyo aholisining qarishi fonida semizlik bilan og‘rigan odamlar sonining ko‘payishi sabab diabet xavfi ortib bormoqda.
“Qandli diabetning nogironlikka va o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini hisobga olsak, sog‘lom ovqatlanish va jismoniy mashqlar yordamida diabetning oldini olish butun dunyoda sog‘liqni saqlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — dedi Hindistondagi Madras diabet tadqiqotlari jamg‘armasi hammuallifi va prezidenti doktor Ranjit Mohan Anjana.
















