Janubiy Koreya jiddiy siyosiy-ijtimoiy zo‘riqishni boshdan kechirmoqda. 3 dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qildi, oradan bir necha soat o‘tib buni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Uning ma’muriyati vakillari birin-ketin iste’fo bermoqda. Kun.uz bilan suhbatlashgan siyosatshunos fikricha, prezident iste’foga chiqadi yoki unga impichment e’lon qilinadi.

Koreya prezidenti 3 dekabr kuni e’lon qilgan harbiy holatni 4 dekabr tongida bekor qilishga majbur bo‘ldi. Davlat rahbari ta’biri bilan aytilgan konstitutsiyaviy tuzumni saqlab qolish hamda kommunistik mafkuraga qarshi kurash, shimoldan kelayotgan xavflarga qarshi turish uchun e’lon qilingan harbiy holat bir necha soat davom etdi xolos. Parlament deputatlari 3 dekabr tunining o‘zidayoq harbiy holatni tugatishga ovoz berishi prezidentni ham orqaga qadam tashlashga majbur qildi. 

Ayni damda harbiy texnikalar va askarlar bazaga qaytgan. Muxolifat esa prezidentdan iste’fo talab qilyapti, impichment loyihasi ham parlamentga taqdim etildi. Yun Sok Yol ma’muriyati a’zolari birin-ketin iste’fo bermoqda. 

Koreya poytaxti Seul shahrida yashovchi jurnalist Yelena Chuyanovaning aytishicha, prezidentning harbiy holat e’lon qilganini jamoatchilik o‘ta keskin qabul qildi va davlat rahbari jiddiy tanqidlar ostida qolib ketdi. 

Prezident kecha harbiy holat e’lon qilib, o‘z tarafdorlarini yo‘qotdi. Koreys mediasi davlatda vaziyat bundan ham chigallashmasligi uchun tarafkashlikni chetga surdi va mavjud vaziyatni ko‘rsatib turdi. Deputatlar tun bo‘lishiga qaramay, parlamentga yetib kelishdi va ichkariga kira olganlari harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Prezident endi katta ehtimol bilan iste’foga chiqadi, lekin iste’foga chiqsa ham harbiy holat qarori uchun alohida jazolansa kerak. Bundan tashqari, uning rafiqasiga nisbatan sud ishi ham baribir davom etadi. Koreyada kechagi voqea jiddiy muhokama mavzusiga aylandi, siyosiy doiralar prezident xato qilganini aytyapti” – Yelena Chuyanova, jurnalist

Fuqarolik jamiyati institutlari hukumat iste’fosini ham talab etmoqda. Davlatdagi eng yirik muxolif kuch «Toburo» partiyasi davlat rahbariga, mudofaa va ichki ishlar vazirlariga, shuningdek, harbiy qo‘mondon va politsiya boshlig‘iga qarshi fitna ayblovlarini qo‘shishini ham qo‘shimcha qilgan. Koreyani yaqindan o‘rgangan siyosatshunos Jasurbek Ne’matulloh fikricha, prezident Yun bu qarorni favqulodda qabul qilgan, lekin eng ma’qul payt ham shu kunlar edi. Chunki uning AQSh prezidenti bilan aloqalari juda yaxshi va Bayden hali amaldagi prezident ekanida tavakkal qilishga urindi. Yunning tavakkali aks natija ko‘rsatdi, endi unga impichment e’lon qilinishi tobora aniq bo‘lib bormoqda, deydi siyosatshunos.