Jo‘lan tepaliklaridagi xavfsizlik tahdidi kuchaygani bois armiya oliy tayyorgarlik holatiga keltirildi. Bu hudud Suriya bilan chegaradosh bo‘lib, bir paytlar Isroil tomonidan bosib olingan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Jo‘lan tepaliklarida turib, Asad rejimi qulashi isroillik harbiylarning Suriya hukumatiga ittifoqchi bo‘lgan Eron va Livandagi «Hizbulloh» bo‘ylab yo‘llagan zarbalari tufayli ro‘y berganini aytdi. «Biz Suriya bilan chegaramizning narigi tomonida turgan barchaga: Isroil bilan tinchlikda yashashni istovchi druzlar, kurdlar, xristianlar va musulmonlarga tinchlik signalini yuboramiz», — degan u.

Buning ortidan Isroil armiyasi o‘z tanklarini Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga «va bir qator boshqa joylarga Jo‘lan tepaliklaridagi jamoalar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun» joylashtirdi.

The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, isyonchilar egallab olmasligi uchun Isroil aviatsiyasi Suriya janubidagi kimyoviy qurollar ishlab chiqariladigan zavodlarga zarbalar yo‘llagan, shuningdek, Damashq chekkasida, aeroport yaqinidagi o‘q-dorilar saqlanuvchi omborda isroilliklar zarbasi oqibatida portlash va yong‘inlar ro‘y bergan.

2011 yilda Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan so‘ng Isroil bevosita mojaroga aralashgan va 2015 yildan boshlab Eron va «Hizbulloh» bilan bog‘liq deb topilgan obektlarga keng ko‘lamli havo zarbalari berib kelayotgandi.

Avvalroq Isroil Suriya armiyasiga qarshi kurashayotgan muxolifat guruhlarini maxfiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelgan. Isroil rasmiy manbalari keyinroq ma’lum qilishicha, bu qo‘llab-quvvatlash tibbiy yordam, oziq-ovqat va qurol yetkazib berish, shuningdek, harbiy tayyorgarlikka yordam ko‘rsatishni qamrab olgan.

Biroq, hozir «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi muxolifat kuchlari Suriyada tezkor yurish boshlab, mamlakatni egallab olishi Isroilni o‘z pozitsiyasini qayta baholashga majbur qildi.

Isroil ikki yo‘l qarshisida qolayotgandi: ular muxolifatning muvaffaqiyatini qo‘llab-quvvatlashi kerakmi? Bu holat Eron va «Hizbulloh»ga qarshi kurashda Isroil manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Yoki Asad rejimi afzalroqmidi — u Eron Suriyadan foydalanishiga imkon bergan, biroq yillar davomida Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmagan.

Isroil uchun yangi xatar