Qashqadaryoda er va xotinning telefon orqali suhbati eng qimmat aloqa sifatida rekordlar ro‘yxatiga kiritilishiga da’vogarlik qilishi mumkin: ayol turmush o‘rtog‘i bilan qo‘ng‘iroqlashish uchun 1 500 dollar to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Ammo aloqa kompaniyasiga emas. Kun.uz “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” munosabati bilan O‘zbekistonda sodir qilingan biroz noodatiy korrupsion holatlarni to‘pladi.

O‘zbekistonda korrupsion holatlarning aksariyati sohalar kesimida bir-biriga juda o‘xshash: ta’lim va tibbiyot tizimida ishga joylashtirish, huquqni muhofaza qilish sohasida jinoyatni yashirish, “delo” ochmaslik, mahalliy hokimliklar va kadastr yo‘nalishida yer olib berish, hujjatlashtirish, ekologiya tizimida esa chora ko‘rmaslik bilan bog‘liq poraxo‘rlik holatlari ko‘p uchraydi. Biroq ba’zida bulardan farqli ravishda noodatiy poraxo‘rlik holatlari ham sodir etiladi.

3 ming dollarlik “aloqa”

Qashqadaryoda turmush o‘rtog‘i bilan telefonda gaplashmoqchi bo‘lgan ayoldan 3 ming AQSh dollari pora so‘raldi. Negaki, ayolning eri jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan edi.

Gap shundaki, IIV Jazoni ijro etish Departamenti, 6-mintaqaviy hudud, 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida tarbiyaviy ishlar bo‘limi katta inspektori lavozimida ishlab kelgan Jasur Yunusov (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) “aloqachi”lik qilib pul topmoqchi bo‘lgan.

U jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2015 yil 1 apreldagi hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga oila a’zolari va yaqin tanishlari bilan yashirin ravishda telefon orqali aloqaga kirishishga sharoit yaratib bergan. Jumladan, Jasur Yunusov mahkumni o‘zida saqlab kelgan telefon apparati orqali turmush o‘rtog‘i bilan gaplashtirib kelgan.

Jasur Yunusov yaqinlari bilan gaplashish uchun telefon taqdim qilishi evaziga mahkumdan 3 ming AQSh dollar talab qilgan. U 2024 yil 2 avgust kuni Qarshi shahrida kirakash orqali mahkumning turmush o‘rtog‘idan 1 500 AQSh dollari olgan vaqtida tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sud hukmi bilan “aloqachi” inspektor Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.