Suriyadagi manbalar Isroil jangovar samolyotlari butun Suriya bo‘ylab, jumladan seshanba tongida portlash ovozlari eshitilgan poytaxt Damashq atrofida o‘nlab zarbalar yo‘llagani haqida xabar berdi. Isroil mudofaa armiyasi bu xabarlar yuzasidan izoh bermadi; u shuningdek, Isroil quruqlik qo‘shini bufer zonadan Suriya ichkarisiga harakatlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni ham inkor etgan.

AFP muxbirlari xabar berishicha, Damashqda kuchli portlash ovozlari eshitilgan. Agentlik tarqatgan fotosuratda ham Suriya poytaxti markazida ko‘tarilgan tutun ustuni aks etgan.
Ofisi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) seshanba tongidan boshlab 100 dan ortiq zarba berilanini bildirgan.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki kun mobaynida Isroil ag‘darilgan Bashar Asad rejimi harbiy salohiyatini yo‘q qilish maqsadida Suriya hududlari bo‘ylab jami 250 ga yaqin aviazarba yo‘llagan.

SOHR bayonotida zarbalar oqibatida «Suriyadagi eng muhim harbiy obektlar yo‘q qilingani» aytilgan — jumladan, aeroportlar, aviatsiya eskadrilyalari, radarlar, signal stansiyalari, qurol va o‘q-dori omborlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda mamlakat shimoli-sharqidagi Lataqiya shahri portida turgan harbiy kemalar.
Yakshanba tongida boshlangan aviazarbalar Suriyaning barcha hududlarini qamrab olgan, deya qayd etadi monitoring markaz. Avvalroq SOHR Isroil aviazarbalari seriyasi Suriyaning bir necha viloyatlari, jumladan Damashqdagi harbiy obektlarga qaratilgani haqida ma’lum qilgandi.
Dam olish kunlarida «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi suriyalik isyonchilar hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan va Damashqni egallagandi. Asad Rossiyaga qochdi, prezident Vladimir Putin unga boshpana berishga qaror qilgan.
Harbiy bazalar bo‘ylab zarbalar
Dushanba kuni kechqurun Reuters agentligi Isroil samolyotlari Suriya armiyasining o‘nlab vertolyotlari va samolyotlari joylashtirilgan uchta yirik aviabazasiga hujum qilgani haqida xabar berdi.























