Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga fuqarolar tomonidan taksilar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati pastligi, to‘lovlar va hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolar, haydovchilarining muomalasi, yo‘lovchini manzilga yetkazib qo‘yilmayotgani, asossiz ravishda narxlarni oshirish kabi mavzularda murojaatlar kelib tushgan.

Toshkent viloyati transport boshqarmasi Nurafshon shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida “Davr Trans Servis” MChJga biriktirilgan “Nurafshon AShB-Kuchlik qo‘rg‘oni-Arancha MFY” yo‘nalishida (tasdiqlangan jadvalga asosan yo‘l haqi 2800 so‘m) narxlarni sun’iy ravishda oshirgan holda haydovchilar tomonidan 5000-7000 so‘mgacha miqdorida yo‘lovchilardan yo‘l haqi olinayotgani aniqlangan.

Shu munosabat bilan viloyat Transport boshqarmasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolati doirasida chora ko‘rishni so‘rab, qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga ma’lumot kiritgan. O‘rganishlar natijasida iste’molchilardan 5 million so‘mdan ziyod mablag‘lar asossiz ravishda undirib kelinganligi aniqlanib, ularni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha yuqoridagi MChJga tegishli ko‘rsatma berildi.

Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Sh.X.dan tushgan murojaat o‘rganilganda Buxoro viloyati Kogon shahrida 103- va 114-yo‘nalishlarda harakatlanayotgan Damas haydovchilari tomonidan yo‘lkira haqini asossiz ravishda oshirib, xizmat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan.

Hududiy boshqarma tomonidan “Transport nazorati Avtomobil va suv transportida nazorat” Buxoro viloyati hududiy bo‘limi tomonidan mazkur yo‘nalishlar trafaretini qo‘yib, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan transport vositalari litsenziyalari tekshirildi. Qatnovlarda litsenziyasiz va ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan bir qator transport vositalariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahridagi boshqarmaga Yandex taksi xizmatiga buyurtma yo‘l haqini naqd pulda to‘lashiga qaramay, bank plastik karta orqali ham yo‘l kiraga qayta pul yechib olingani yuzasidan bir qator fuqarolarning murojaatlari kelib tushgan. Bundan tashqari, buyurtma qilingan bayram tortlari, taomlar, maishiy texnikalarni taksilar orqali yetkazishda ham muammolarga, ya’ni ular noto‘g‘ri manzilga yetkazilgani, kechiktirilgani yoki umuman yetkazilmaganiga duch kelgan iste’molchilarning murojaatlari ham ijobiy hal etilgan.

Global Star MChJ tomonidan bunday qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan haydovchilar YandexGo ilovasida bloklangan, Yandex taksi ko‘rsatmagan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga jami 1 009 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlangan.