Tesla dunyoni yana bir texnologik inqilob bilan hayratda qoldirmoqchi. Kompaniya AQShda robotaksi xizmatini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Dastlab bu xizmat to‘liq avtonom bo‘lishi aytilgandi, biroq hozircha masofadan boshqaruvchi operatorsiz jarayonni amalga oshirib bo‘lmaydi. Reuters xabar berishicha, xavf-xatarlarni kamaytirish va foydalanuvchilarning ishonchini oshirishga qaratilgan bu yondashuv avtonom transport vositalarining rivojlanishida muhim bosqich bo‘ladi.

Tesla robotaksisi qanday ishlaydi?

Cybercab — bu haydovchisiz taksi sifatida tijoriy maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan to‘liq avtonom mashina. Tesla anchadan buyon avtomobillarning yo‘lda mustaqil harakatlanishiga imkon beradigan to‘liq avtopilot tizimini ishlab chiqmoqda. Biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan, xizmatning dastlabki bosqichida boshqaruv tizimiga masofadan turib nazorat qilish funksiyasi qo‘shiladi.

Texnologiyaning mohiyati quyidagilardan iborat:

  • Avtomobil aksariyat vazifalarni sun’iy intellekt tizimlari, kamera va sensorlardan foydalangan holda mustaqil bajaradi;
  • Agar murakkab yoki nostandart vaziyat yuzaga kelsa (masalan, yo‘ldagi ta’mirlash ishlarini aylanib o‘tish), nazorat operatorga beriladi. U esa masofadan turib real vaqt rejimida vaziyatni tahlil qiladi va qaror qabul qiladi;
  • Murakkablik bartaraf etilgach, boshqaruv avtomatik mashinaning o‘ziga qaytariladi.

Tesla robotaksisi qayerda va qachon ishga tushiriladi?

Xizmatni ilk bor 2025 yilda Kaliforniya va Texasda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Tesla aynan shu shtatlarda o‘z texnologiyalarini eng ko‘p sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tanlov bejiz emas: Kaliforniya innovatsiyalar markazi va elektromobillarning eng yirik bozori hisoblanadi, Texas esa AQShning muhim transport yo‘nalishlari tutashgan nuqtasidir.

Tesla ishni kompaniyaga tegishli avtomobillardan boshlashni rejalashtirmoqda. Bu xizmat sifatini nazorat qilish va joriy etish bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytiradi.

Robotaksi avtomobillari qanday ko‘rinishda bo‘ladi?