Sednaya qamoqxonasi Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin. 2024 yil 9 dekabr
Omar Haj Kadour / AFP / Scanpix / LETA

«Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hukumati kuchlariga qarshi hujum davomida Halab, Homs, Hama va Suriyaning boshqa shaharlaridagi qamoqxonalarda saqlanayotgan mahbuslarni ozod qilib yubordi. Suriya qamoqxonalari o‘ta shafqatsiz saqlash sharoitlari bilan mashhur. Huquq faollari va sobiq mahbuslar Suriya razvedkasi tasarrufidagi yigirmadan ortiq muassasalar, shuningdek, boshqa obektlarda sodir etilgan qiynoqlar va qotilliklar haqida xabar berishgan.

Suriya xavfsizlik apparati va qamoqxonalari nafaqat Asadning muxoliflarini ihotalash uchun, balki mamlakat aholisi orasida qo‘rquv uyg‘otishga ham xizmat qilgan, deydi Associated Press bilan suhbatda Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Lina Xatib. «Asadning mash’um qamoqxonalaridan biriga tashlashlari mumkinligidan qo‘rqish suriyaliklar orasida keng tarqalgan ishonchsizlikni yuzaga keltiradi. Asad nazoratni saqlab qolish va siyosiy muxolifatni bostirish uchun ushbu qo‘rquv madaniyatini o‘stirdi», — degan u.

8 dekabr kuni Suriya hukumatiga qarshi kuchlar Damashq tomon kelish yo‘lida Sednaya qamoqxonasini o‘z nazoratiga oldi. Sobiq mahbuslarning guvohliklariga ko‘ra, bu yerda qiynoqlar qo‘llangan, odamlarga jinsiy zo‘ravonlik qilingan. Minglab kishilar o‘ldirilshgan, bular asosan, Asad rejimiga qarshi chiqqanlar bo‘lgan.

Sednaya qamoqxonasi mahbuslari, jumladan, ayollar va bolalar ozodlikka chiqarilishi kadrlari ijtimoiy tarmoqlar va OAVda keng tarqaldi. Mahbuslarning ko‘pchiligi 2011 yildan, Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan buyon qamoqda bo‘lgan — undan ham oldinroq qamalganlar bor. The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, qamoqda 40 yildan oshiq vaqt davomida o‘tirgan mahbuslar ham ozod etilgan.

Sednaya qamoqxonasi Damashqdan 30 kilometr shimolda joylashgan, uning hududi taxminan 1,4 kilometr kvadrat maydonni egallaydi. Qamoqxona 1980-yillar boshida qurilgan, bu yerga ilk mahbuslar 1987 yilda — Bashar Asadning otasi Hafiz Asad boshqaruvining 16-yilida joylashtirilgan.