20 dekabr kuni Germaniyaning Magdeburg shahrida rojdestvo yarmarkasiga kelgan odamlar ustiga BMW X3 haydab borilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida besh kishini tashkil etmoqda, deb xabar beradi Der Spiegel nashri. Bild tabloidi esa politsiyaga tayanib bergan xabarida to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida yozgan. Hujumdan keyin Saksoniya-Anhalt federal yeri rasmiylari ikki kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi.
Bild ma’lumotiga ko‘ra, 205 kishi tan jarohati olgan: shundan 41 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, bundan tashqari, 86 kishida jiddiy jarohatlar qayd etilgan, 78 nafarining jarohati — yengil. Der Spiegel xabariga ko‘ra, rasmiylar 60 yarador haqida xabar bergan.
Rojdestvo yarmarkasiga hujum yuzasidan 50 yoshli Tolib al-Abdulmuhsin qo‘lga olingan. U Magdeburgdan 45 kilometr masofadagi Bernburg shahridan bo‘lgan psixiatr shifokor va psixoterapevt. Uning kvartirasida tintuv o‘tkazilgan. Politsiyaga ko‘ra, uning sheriklari bo‘lmagan.
Nemis nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Tolib al-Abdulmuhsin — kelib chiqishi Saudiya Arabistonidan bo‘lib, Germaniyada 2006 yildan buyon yashab keladi, doimiy yashash guvohnomasiga ega. 2016 yilda u islom dinini tark etgani tufayli o‘ziga o‘lim xavf solishini aytib, Germaniyada qochqin maqomini olgan. Internetda Tolib islom diniga qarshi chiqishlar qilgan, shuningdek, Saudiya Arabistonida yashovchilarga bu mamlakatdan qanday qochish yo‘llarini o‘rgantgan. U Germaniyada qanday siyosiy boshpana olish mavzusidagi saytni yuritgan.

Sebastian Willnow / dpa / Scanpix / LETA
Magdeburgdagi terakt ijrochisi — nemis ultro‘nglari tarafdori. Der Spiegel jurnalistlari aniqlashicha, Tolib al-Abdulmuhsin migrantlarga salbiy kayfiyatdagi «Germaniya uchun muqobil» ultrao‘ng populist partiyasiga ochiqdan ochiq simpatiya bildirgan.
Bundan tashqari, jurnalistlar hujumga bir hafta qolganida Tolib Amerikadagi blogga bergan intervyusida Germaniya hukumati butun dunyo bo‘ylab islom dinidan voz kechgan saudiyaliklarni «yo‘q qilish» uchun yashirincha «maxfiy amaliyot» o‘tkazayotgani haqida gapirgan.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Nensi Fezer ham u «islomofob» qarashlarda bo‘lganini tasdiqlagan. Prokuror Nopens tergovchilar hali hujum qilganning motivlarini o‘rganayotganini, ammo ular Germaniyada Saudiya Arabistonidan kelgan qochqinlarga munosabatdan norozilik bilan bog‘liqligini aytgan.












