Janubiy Koreya muxolifati 26 dekabr kuni prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xan Dok Suga qarshi impichment e’lon qilish haqida parlamentga taklif kiritganini ma’lum qildi. Bunga Konstitutsiyaviy sud tarkibiga oid kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Aynan ushbu sud lavozimidan vaqtincha chetlatilgan prezident Yun Sok Yol taqdirini hal qilishi kerak. Bu haqda BBC yozdi.

Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz 3 dekabr kuni Yun Sok Yol tomonidan mamlakatda harbiy holat e’lon qilinganidan keyin boshlandi. Parlament ikkinchi urinishda unga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, ammo jarayonni yakunlash uchun Konstitutsiyaviy sudning tegishli qarori zarur.

Ishni ko‘rib chiqish 6 oygacha davom etishi mumkin. Agar Konstitutsiyaviy sud prezidentning lavozimidan chetlatilishini tasdiqlasa, mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkaziladi.

Biroq sudda hozir uch nafar sudya yetishmaydi. Sud olti nafar sudya bilan ishini davom etishi mumkin bo‘lsa-da, Yunni qayta tiklash uchun bitta ovoz kifoya qiladi.

Muxolifat Xandan yana uchta nomzodni ma’qullab, sud tarkibini 9 kishiga yetkazishni talab qilmoqda, ammo u buni rad etyapti. Shu bois muxolifatdagi Demokratik partiya prezident vazifasini bajaruvchiga ham impichment e’lon qilinishi kerakligini aytdi.

«Biz bu haqda taklif kiritdik... va uni bugun yalpi majlisda taqdim etamiz. Ertaga biz uni ovozga qo‘yamiz», dedi deputat Pak Sun Jun jurnalistlarga.

Xanning uch nafar sudyani rasman tayinlashdan bosh tortgani uning «Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlashga na irodasi, na malakasi borligini isbotlaydi», dedi jurnalistlarga Demokratik partiya rahbari Pak Chan De.

Xan, agar hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasi (o‘zi ham uning a’zosi) va muxolifat nomzodlar bo‘yicha murosaga erishgan taqdirdagina sudyalar tayinlanishini ma’qullashini aytdi.

«Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda muhim prezidentlik vakolatlarini amalga oshirishdan, jumladan, konstitutsiyaviy institutlarni tayinlashdan voz kechish izchil tamoyildir. Avvalo Milliy Assambleyadagi hukmron va muxolifat partiyalari o‘rtasida konsensusga erishish kerak», dedi Xan.

Agar parlament 27 dekabr kuni Xanga impichment e’lon qilish taklifini yoqlasa, bu Janubiy Koreyada birinchi marta muvaqqat prezidentga impichment e’lon qilinishi bo‘ladi. Shunda Xan o‘rniga moliya vaziri Chxve San Mok prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladi.