Kuz oxirida va qish boshlarida Donbass janubi va markazidagi frontning barcha uchastkalarida Ukraina mudofaasida inqiroz yuzaga keldi. Kuzda rossiyaliklar Vuhledar va Selidoveni egallaganidan keyin, Ukraina qurolli kuchlari ushbu shaharlar tashqarisida barqaror mudofaa tashkil eta olmadi va o‘z saflari bir necha bor yorib o‘tilishiga yo‘l qo‘ydi.

Bu esa Pokrovsk, Kuraxovo va Velika Novosilka kabi asosiy istehkomlarning qanotlarida ukrain bo‘linmalari bir necha bor operativ qurshov holatiga tushib qolishi va pozitsiyalaridan chekinishga majbur bo‘lishiga olib keldi.

Shunga qaramay, harbiy ekspertlar ma’lum yo‘nalishlarda ruslarning hujum qilish salohiyati asta-sekinlik bilan pasayib borayotgani va Rossiya armiyasi endi hududdagi asosiy shaharlarni qamrab olish (shaharlar ichkarisida og‘ir ko‘cha janglari o‘tkazish bilan) bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir necha yirik yurish amaliyotlari o‘tkazish uchun yetarli kuchga emasligini aytishmoqda.

Ammo Ukraina uchun ham vaziyat favqulodda og‘irligicha qolmoqda, ayniqsa Rossiya Xerson va Zaporijjya tomon yangi yurish amaliyotlariga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ortidan.

Pokrovsk janubidagi inqiroz

Rossiya armiyasi ushbu yirik sanoat shahrining sharqiy chekkalariga yoz oxiridayoq yetib kelgandi. Kremldagilar uni egallash uchun frontning mazkur uchastkasiga uchta umumqo‘shin armiya kuchlarini jamladi. Tahlilchilar «Pokrovsk uchun jang» sentabrdayoq boshlanishini prognoz qilgan bo‘lsa-da, bu ro‘y bermadi.

Ukrain harbiylari raqibning Pokrovsk va uning yo‘ldosh shahri Mirnograd tomon yurishini Lisovka-Suxaya Yar-Promin-Mirolyubovka qishloqlari chizig‘i bo‘ylab, ya’ni shaharga 8-10 km masofa qolganida sekinlashtirishga erishishdi.

Mahalliy aholi vakili Pokrovskdagi vayron bo‘lgan ko‘prik yonidan o‘tmoqda. Rossiyaliklar shaharni o‘qqa tutmoqda va uni o‘rab olishga urinmoqda. Foto: Reuters

Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasi Konstantinovkaga olib boruvchi muhim trassani to‘sib qo‘yishiga ham yo‘l qo‘ymadi.

Ukraina qurolli kuchlari «Hortitsa» operativ-strategik guruhi ma’lumotiga ko‘ra, dekabr oyi oxiriga kelib Pokrovskning o‘zida yoki uning chekkalarida harbiy harakatlar olib borilayotgani yo‘q.