O‘zbekiston | 16:47 / 07.01.2025
6657
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi avtobuslarda yo‘lkirani naqd pul shaklida berganlar jarimaga tortiladi

Yangi qoidalarga ko‘ra, yo‘lovchi yo‘l haqini naqd ko‘rinishda beradigan bo‘lsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak. Naqd pul orqali to‘lov uchun QR-chipta sotib olish shart.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda 1 yanvardan yo‘lkira to‘lovlarini naqd pul shaklida qabul qilish to‘xtatildi. Agar yo‘lovchi yo‘l haqini naqd pul ko‘rinishida berishga urinsa, chiptasiz yo‘lovchi sifatida jarimaga tortiladi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev ma’lum qildi.

«Agar yo‘lovchi yo‘l haqini naqd ko‘rinishda beradigan bo‘lsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak. Vaziyat Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi safar ogohlantirish beriladi. Chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortiladi», dedi Nishonboyev.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Allayor Norbo‘tayev so‘zlariga ko‘ra, naqd pul orqali to‘lov uchun QR-chiptani infokiosklar orqali xarid qilish lozim.

«Poytaxtda 1 yanvardan avtobuslarda naqd pul orqali to‘lovlar qabul qilinmaydi. Yo‘lkira uchun to‘lovlarni naqd to‘lash amaliyoti bekor qilinishi ortidan chiptachilar faoliyatidan voz kechildi. Poytaxtda 2644 ta avtobekat bo‘lsa, ular atrofiga 5500 ta QR-chipta olish uchun shoxobcha o‘rnatilgan. Ayni damda poytaxtdagi mavjud bo‘lmagan bekatlarga infokiosklarni integratsiya qilish ishlari ketmoqda. Agar naqd pul orqali to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz, QR-chiptani xarid qilish uchun to‘lov infokioskidan foydalanishingiz mumkin. Bir martalik to‘lov uchun QR-chipta olsangiz yo‘l haqi 3000 so‘m, «ATTO» kartasi yoki mobil ilova orqali to‘lashda 1700 so‘mni tashkil etmoqda», dedi Norbo‘tayev.

Ta’kidlanishicha, chipta tekshirilishi mumkin, uni qatnov oxirigacha saqlash lozim.

Mavzuga oid