Qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashga ixtisoslashgan Oxfam xalqaro notijorat tashkiloti dollardagi milliarderlar boyligi qanday o‘sib borayotgani, ularning jamg‘arma manbalari, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi tafovutga bag‘ishlangan hisobotini e’lon qildi. Meduza hisobotdagi eng qiziqarli faktlarni taqdim etdi.
Oxfam hisobotidagi asosiy fikrlar
Milliarderlar haqida
2024 yilda butun dunyo bo‘ylab milliarderlarning boyligi 2023 yilga nisbatan uch barobar tezroq o‘sdi va 15 trillion dollarga yetdi.
Oxirgi yil ichida dunyoda milliarderlar soni 204 nafarga ko‘paydi (2565 nafardan 2769 nafarga). Bu haftasiga 4 nafar yangi milliarder degani.
Har bir milliarderning boyligi kuniga o‘rtacha 2 million dollarga oshgan. 10 nafar eng boy milliarderning boyligi kuniga 100 millionga. Agar ular to‘satdan boyligining 99 foizini yo‘qotsa ham, baribir milliarder bo‘lib qolishadi.
Trillionerlar haqida
Bir yil oldin Oxfam dunyoda 10 yil ichida birinchi trillioner paydo bo‘lishini bashorat qilgan edi. Ammo agar eng badavlat kishilarning boyligi hozirgidek tez o‘sishda davom etsa, 10 yildan keyin dunyoda bir emas, besh nafar trillioner bo‘ladi.
Dunyoning eng boy odamlari birinchi trillioner bo‘lish uchun eng katta imkoniyatga ega: Tesla va SpaceX bosh direktori Ilon Mask, Amazon asoschisi Jyeff Bezos, Meta asoschisi Mark Tsukerberg, Oracle asoschisi Larri Ellison va LVMH rahbari Bernard Arno va uning oilasi. Hozir 400 mlrd dollar davlatga ega Mask trillionga birinchi bo‘lib yetishishi mumkin. Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, buning uchun unga besh yildan kamroq vaqt kerak bo‘ladi.
Eng boylarning davlati manbalari haqida
Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyodagi milliarderlar boyligining 36 foizi meros bo‘lib qolgan, 18 foizi ma’lum bir sohadagi monopoliya asosida yuzaga kelgan, 6 foizi esa hukumat bilan aloqalar natijasidir.
Dunyoning 30 yoshgacha bo‘lgan barcha milliarderlari o‘z boyligini meros qilib olgan. Meros boyligi eng ko‘p bo‘lgan mintaqa Lotin Amerikasi hisoblanadi.
















