Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqib, Yevropaning jahon sahnasidagi roli, energetik mustaqillik, texnologik yetakchilik va birdamlik masalalariga to‘xtaldi.
“Hozir hammaning e’tibori Vashingtonda. Yevropani kim kuzatyapti? Bu – Yevropa oldidagi katta savol”, – dedi u nutqi avvalida.
“20 soat oldin Vashingtonda prezident Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Va endi hamma uning nima qilishini kutmoqda. Uning ilk farmonlari allaqachon aniq yo‘nalishlarni ko‘rsatib turibdi.
Hozir dunyoda ko‘pchilik o‘ylayapti: ularning Amerika bilan munosabatlariga nima bo‘ladi? Ittifoqlarga nima bo‘ladi? Qo‘llab-quvvatlash-chi? Savdo aloqalari-chi? Prezident Trumpning urushlarni tugatish rejalari qanaqa?
Lekin hech kim Yevropa haqida bunday savollarni bermayapti. Buni tan olishimiz kerak”, – dedi Zelenskiy.
“Urushlar paytida hamma “ishqilib AQSh men bilan qolarmikan”, deydi. Lekin AQShda kimdir bir kun kelib Yevropa bizni yolg‘iz tashlab qo‘ysa-ya, biz bilan ittifoqchi bo‘lmay qo‘ysa-ya, deb xavotirga tushadimi? Yo‘q”, – deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.
U o‘tgan yili Singapurda bo‘lib o‘tgan Osiyo xavfsizligi sammiti – Shangri-La dialogini yodga oldi. O‘shanda AQSh delegatsiyasi vakillari ochiqchasiga o‘zlarining xavfsizlik bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlari Hind–Tinch okeani mintaqasi, ikkinchisi Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi, va faqat uchinchi navbatdagina Yevropa ekanini ochiq aytgandi, deydi Zelenskiy.
“Bu avvalgi ma’muriyat davrida edi. Prezident Tramp-chi, u Yevropani nazarga iladimi? U NATOni zarur deb biladimi? U Yevropa Ittifoqi institutlarini hurmat qiladimi?
Xonimlar va janoblar, Yevropa o‘z ittifoqchilari uchun ikkinchi yoki uchinchi o‘rinda turishni o‘ziga ravo ko‘ra olmaydi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, dunyo Yevropasiz o‘z yo‘lida yura boshlaydi”, – dedi Ukraina rahbari.
“Unutmaylik – Yevropa mamlakatlarini Rossiyadan ajratib turadigan okean yo‘q. Shimoliy Koreya askarlari ishtirokidagi janglar endi geografik jihatdan Pxenyandan ko‘ra Davosga yaqinroq joylarda sodir bo‘lmoqda – Yevropa yetakchilari buni yodda tutishlari kerak.
Rossiya ham inson hayoti hech narsani anglatmaydigan Shimoliy Koreyaga o‘xshab boryapti. Ularda yadroviy qurol va qo‘shnilarining hayotini barbod qilish istagi bor.
















