Yevropa ham Isroildagi “Temir gumbaz” kabi o‘zining havo mudofaa tizimini qurishi kerak. G‘azo sektori boshqaruvini qaysidir davlatlar emas, g‘azoliklarning o‘zi hal qilishi lozim. Tramp Eronni yanada ko‘proq siquvga oladi. Ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Davos forumida yuqori martabali siyosatchilar shu kabi bilan bayonotlari bilan e’tibor markazida turibdi.
20-24 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida an’anaviy Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yirik anjumanda odatdagidek dunyo yetakchilari, siyosatchilar, ishbilarmonlar, fuqarolik jamiyati vakillari qatnashib, global masalalarni muhokama qilyapti. Biz forumning dastlabki ikki kunida siyosatchilar qanday bayonotlar bilan chiqqaniga e’tibor qaratamiz.
“Putin to‘xtamaydi” — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatiga xavfsizlik kafolati uchun kamida 200 ming askar kerakligini aytdi. U bunday kuch Ukrainaga zarur xavfsizlik kafolatlarining faqat bir qismi bo‘lishini ta’kidladi. Uning aytishicha, Rossiya qurolli kuchlari askarlar sonini 1,5 million nafargacha yetkaza oladi.
“Agar Ukraina kuchli xavfsizlik kafolatlarini olmasa, Putin o‘n barobar kuchliroq armiya bilan qaytadi”, dedi Zelenskiy Davosdagi forumda.
Ukraina yetakchisining fikricha, Rossiyaning butun Yevropaga qaraganda bir necha barobar ko‘p o‘q-dori ishlab chiqarayotgani – Yevropa xavfsizligi uchun jiddiy tahdid. Zelenskiy Yevropa o‘zining “Temir gumbazi”ni yaratish kerakligini aytib, mudofaa tizimini rivojlantirishni taklif qildi. U, shuningdek, Ukrainadagi qurol ishlab chiqarishning o‘sishini ijobiy yutuq sifatida ko‘rsatdi va jang maydonida ishlatilayotgan qurollarning 40 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilganini qayd etdi.
Ukraina prezidenti tinchlik muzokaralari haqida so‘z yuritarkan, urushni tez yakunlash emas, balki adolatli yakunlash muhimligini ta’kidladi. U Ukraina armiyasini qisqartirish va NATOga a’zo bo‘lishiga taqiq qo‘yish kabi Moskva ilgari surayotgan talablarga rozi bo‘lmasligini eslatdi. Ha, urushni tugatishni va’da qilayotgan Trampga oson bo‘lmaydi.
“Tramp Eronga bosimni kuchaytiradi”
Forumda Yaqin Sharq borasida ham bayonotlar yangradi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon Ol Saud AQShda hokimiyatga kelgan Donald Trampning tinchlikparvar siyosat olib borishiga umid bildirdi.














