20-24 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida yigirmanchi bor Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tyapti.

Anjuman dunyo yetakchilarini “Aql-idrok asri uchun hamkorlik” mavzusida birlashtirib, unda asosiy e’tibor beshta yo‘nalishga qaratilmoqda: taraqqiyotni qayta ko‘rib chiqish, intellektual davrdagi sanoat, inson kapitaliga sarmoya, sayyorani himoya qilish va ishonchni tiklash.

Forum avvalida tashkilotchilar Global risklar hisobotining 2025 yilgi nashrini e’lon qildi.

Hisobot joriy global manzarani ochib beradi: barqarorlik va taraqqiyot tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar iskanjasida qolgan.

Bu yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, davlatlar darajasidagi qurolli mojarolar 2025 yil uchun eng dolzarb global xavf sifatida ko‘rilmoqda. So‘rovda qatnashgan respondentlarning deyarli to‘rtdan bir qismi uni eng jiddiy muammo deb baholadi.

Qasddan buzib talqin qilingan va noto‘g‘ri ma’lumotlar ketma-ket ikkinchi yil qisqa muddatli asosiy xavf bo‘lib qolmoqda: bu xavf jamiyat hamjihatligi va boshqaruviga doimiy tahdid soladi, ishonchga putur yetkazadi va mamlakatlar ichida bo‘linishni kuchaytiradi.

Boshqa asosiy qisqa muddatli xatarlarga ekstremal ob-havo hodisalari, ijtimoiy qutblanish, kiberjosuslik va urush kiradi.

Uzoq muddatli ekologik xavflar, ya’ni ekstremal ob-havo hodisalari, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ekotizimning qulashi, Yer sistemalaridagi jiddiy o‘zgarishlar va tabiiy resurslar tanqisligi kabilar 10 yillik xatarlar reytingida yetakchilik qilmoqda.

Uzoq muddatli xatarlar sifatida dezinformatsiya, noto‘g‘ri ma’lumotlar va sun’iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta’siri bilan bog‘liq texnologik xavflar qayd etilgan.