Donald Trampning G‘azo aholisini ko‘chirish taklifi ortidan, Hamas musulmon dunyosiga murojaat qildi. Tramp tilga olgan Misr va Iordaniya yakka holda rad javobini berdi, ammo mintaqa davlatlaridan yakdil koalitsion bayonotlar bo‘lmadi. Kun.uz mavzu borasidagi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Fazliddin Madiyevga murojaat qildi.

— Donald Trampning G‘azo aholisini Iordaniya va Misrga ko‘chirish taklifini qanday izohlash mumkin?

Fazliddin Madiyev: Trampning bu taklifi borasida butun dunyo bo‘ylab turli bahs-munozaralar ketyapti, lekin bu yangilik emas. Uning birinchi vakolat muddatida ham bunday fikrlar yangragan, hatto Tramning o‘zidan ham eshitganmiz. Biroq o‘sha vaqtda bu ish amalga oshirilmagan, hozir esa bu taklif katta ehtimol bilan, izchil reja asosida amalga oshiriladi. Chunki G‘azo hududida ko‘p odam qolgani yo‘q. Bu yerdagi 1,5-2 million kishini ko‘chirish Amerika yoki Isroil hukumatiga juda katta muammo tug‘dirmaydi, chunki ularda bunga kuchli xohish-istak bor. Ular vaziyatni shu nuqtaga olib kelish uchun harakat qilishdi.

AQShning ichkarisidan chiqayotgan ma’lumotlarga qaraganda, Tramp Amerikaning xaritada ko‘zga tashlanmas imperiyasi hududlarini tashkil qilish ustida ishlayapti va bu taklif ham aynan shunga qaratilgan. Aholini ko‘chirish jarayoni AQSh va Isroil hukumatlariga qiyin bo‘lmasligi mumkin, lekin mahalliy aholi uchun bu juda og‘riqli jarayon, shu sababli bu taklifni amalga oshirish chog‘ida yana qon to‘kilishi holatlari kuzatilishi mumkin.

Isroilning o‘ta o‘ng qarashdagi siyosatchilari Trampning bu taklifidan nihoyatda mamnun bo‘lib, unga tashakkur ham aytishdi.

— Hamasning musulmon dunyosiga murojaatidan keyin, arab va musulmon davlatlari yagona pozitsiyani ko‘rsatdimi?

Kamoliddin Rabbimov: Arab davlatlari hozircha birlashgan holda jiddiy bayonotlar bergani yo‘q, lekin musulmon dunyosining bu boradagi pozitsiyasi aniq: hech bir musulmon davlati bu taklifga rozi bo‘lmaydi.

Avvaldan ma’lumki, Tramp – haddan tashqari isroilparast, xristian sionisti. O‘zi xristian diniga e’tiqod qilishiga qaramay, yahudiylarni xristian dunyosi uchun juda muhim sanaydi. Qolaversa, u oilaviy darajada ham yahudiylarga bog‘langan. Oxirgi saylov jarayonlarida ham aynan yahudiy milliarderlarning ko‘pi Trampni qo‘llab-quvvatladi.