Kelgusi o‘quv yilidan IIV Akademiyasida «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatga qabul boshlanadi. O‘qish muddati to‘rt yilni tashkil etadi.

Matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalaridan xalqaro, mintaqaviy va respublika olimpiada sovrindorlari dastlabki tanlovdan o‘tgandan so‘ng yakuniy yakka tartibdagi suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi.

O‘z navbatida, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligiga qabul boshlanadi. O‘qish muddati bir yilni tashkil etadi. Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan xalqaro nufuzli IT-sertifikatlarga ega bo‘lgan nomzodlar «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan imtihonlardan ozod etiladi.