Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Kibergigiyenaga amal qilish kerak” - qamoqdagi kiberjinoyatchi kartasidan pul o‘g‘irlatayotganlar haqida
O‘zbekistonda fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlanishi holatlari to‘xtamayapti. Ayni paytda jazo muddatini o‘tayotgan 22 yoshli mahkum Kun.uz bilan suhbatda odamlarning shaxsiy ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini boshqalarga berishi hali ham jinoyatchilar uchun asosiy imkoniyat bo‘lib qolayotganini aytdi.
Bank kartalaridan pul o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar haqida deyarli har kuni xabarlar chiqadi. Ammo bu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning o‘zi bu muammoga qanday qaraydi? Mahkumning aytishicha, firibgarlar qo‘llayotgan usullardan ko‘ra, odamlarning o‘z shaxsiy ma’lumotlarini bemalol boshqalarga berib qo‘yayotgani kattaroq muammo.
“2020 yil meni Farg‘onaga vaqtincha saqlash muassasasiga olib ketishdi. U paytda 17 yoshdaman, hech narsani bilmayman, voyaga yetmaganman. Tushunmayman: qamoq nima? Tasavvurim yo‘q. Qorong‘i, zax xonaga kirdim. O‘yladimki, 5-10 yillab qolib ketaman shu yerda. Tushkunlikka tushib, o‘zimga o‘zim va’da berdim bu ishlarimni to‘xtatishga.
Bizda juda ko‘p epizodlar bo‘lgan. 6 oy, uzog‘i 1 yil davomida ishlagan bo‘lsak, kuniga 3-4 ta jabrlanuvchiga to‘g‘ri kelardi. Son-sanog‘i yo‘q edi ularning. Men to‘xtatganimdan keyin ham to‘xtamadi bu narsa. To‘rt yildan beri hali ham to‘xtamasdan kelyapti.
Bu narsani to‘xtatishning iloji yo‘q, chunki men to‘xtatganim bilan mendan boshqasi bor. U to‘xtatsa, undan boshqasi bor. Ishlayotganlar juda ko‘p. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li – xalqning o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Xalq ishonmasligi kerak.
Agar odamlar o‘ziga kelayotgan kodlarni, shaxsiy ma’lumotlarini boshqa birovga bermasa, kartasidan hech qachon pul yechilmaydi. Masalan, Rossiyada do‘konda sotuvchiga karta kodlarini aytishmaydi. Bizda esa kartani berib, kodini ham aytishadi. Chunki buni bilishmaydi va hammasi shundan kelib chiqyapti.
Yagona aytadigan narsam: ma’lumotlarni hech kimga berishmasin. Davlat tashkilotlari hech qachon sizdan shaxsiy ma’lumotlaringizni, karta raqamlaringizni so‘ramaydi. Agar haqiqatan kerak bo‘lsa, chaqirib suhbat qiladi. Telefon orqali hal qilmaydi hech narsani.
Odamlar o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Hozirgi zamonda har qanday qo‘ng‘iroq yoki xabarga ishonib ketaverish mumkin emas. Kibergigiyenaga amal qilish kerak”, — deydi mahkum.
To‘liq ko‘rsatuvni Kun.uz’ning Youtube sahifasida ko‘ring.