AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan avval bir necha marta Kanadaning AQSh bilan birlashishi haqida gapirdi.

“Agar Kanada AQSh bilan birlashsa, hech qanday tariflar bo‘lmaydi, soliqlar sezilarli darajada kamayadi va ular doimo o‘zlarini o‘rab turgan Rossiya va Xitoy kemalari tahdididan butunlay himoyalangan bo‘ladi. Birgalikda bu qanday buyuk davlat bo‘lar edi”, deb yozdi Oq uyning bo‘lajak rahbari 6 yanvar, dushanba kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Bundan tashqari Tramp Meksika va Daniyaga qarashli Grenlandiya orolini AQShga qo‘shib olish haqida ham bir necha bor yozdi. U Meksika va Kanadaga AQSh shtatlari bo‘lishni taklif etyapti, Grenlandiyani esa sotib olmoqchi.

Kanada, Meksika va Daniya Trampning taklifiga rad javobini berishdi. Jumladan, Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli va avvalroq iste’foga chiqishini e’lon qilgan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Trampga javob qaytardi:

18-asr ikkinchi yarmida AQSh ilk tashkil topgan paytda Kanada ham Britaniya tarkibida edi. Bu davlat 1867 yil mustaqil bo‘lgan.

Undan bir necha yil avval esa otib o‘ldirilgan bitta cho‘chqa tufayli AQSh va Britaniya o‘rtasida yangi urush boshlanishiga bir bahya qolgandi. Agar o‘shanda cho‘chqaning egasi va uni otgan odam o‘zaro kelishganda bu hodisa tarixda ham qolmas edi.

Hodisa

1859 yil 15 iyun kuni amerikalik fermer Layman Katler San-Xuan orolida joylashgan yeriga boradi. Qarasa qo‘shnining katta cho‘chqasi uning kartoshka ekilgan dalasida o‘tlab yuribdi.

San Xuan oroli ko‘rsatkich bilan ko‘rsatilgan

Bu holat avval ham bir necha bor takrorlangan, biroq Layman cho‘chqaning egasiga indamagan edi. Bu safar u o‘ylab ham o‘tirmaydi va hayvonni otib tashlaydi.

Cho‘chqa kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan Britaniya fuqarosi Charlz Griffin degan shaxsga tegishli edi. Layman o‘ldirilgan cho‘chqa uchun unga tovon puli sifatida 10 dollar taklif etadi. Biroq Charlz bu pulga ko‘nmaydi va 100 dollar talab qiladi.