Sport | 13:00 / 02.02.2025
42693
3 daqiqa o‘qiladi

«Husanovni ayblamayman» - Gvardiola va De Bryuyne o‘zbekistonlik himoyachining debyuti haqida gapirishdi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola APL 24-turidan o‘rin olgan «Arsenal»ga qarshi o‘yin oldidan jamoaning yangi himoyachisi Abduqodir Husanovning ruhiy holati haqida gapirdi.

«U mashg‘ulotlarni yaxshi o‘tkazmoqda. Bor e’tiborini ishga qaratgan. U bu yerda hamma uchun yangi. Hammasi yaxshi. 

U ruhan tiklanishga ulgurdimi? Albatta. Boshqa markaziy himoyachilar Husanovdek xato qilmagan deb o‘ylaysizmi? Juda ko‘p.

Ha, yuqori daraja kerak, ammo bu biroz vaqt talab qiladi. Men Abduqodirni biror narsada ayblamayman. Aksincha, hamon xatolar qilayotgan o‘zimni ayblashim kerak. Markaziy himoyachilarni yaxshilash — mening vazifam.

Husanovni o‘tgan ish uchun omma oldida ham, shaxsan ham tanqid qilmadim. U atigi 1 marta mashg‘ulot o‘tkazib, «Chelsi»ga qarshi o‘ynadi. Yangi jamoada, boshqa tilda suhbatlashiladigan mamlakatda... Bunday sharoitda Premer-ligada debyut qilsam, menga yordam berishlarini xohlagan bo‘lardim. Shunday bo‘ldi ham. Menga yigitlar maydonda ko‘rsatgan reaksiya juda yoqdi, ular darhol uni qo‘llab-quvvatlashdi», — deydi ispaniyalik mutaxassis.

Shuningdek, jamoa sardori Kevin de Bryuyne ham o‘zbekistonlik futbolchi haqida fikr bildirdi: «Husanov eng kerak vaqtda yordamga keldi. Abduqodir bizda himoyachilar qolmagani sababli «Chelsi»ga qarshi maydonga tushdi. U qiyin 5 daqiqani o‘tkazdi, biroq keyin yaxshi o‘ynadi. U buni 20 yoshida uddalay olganidan faxrlanishi kerak». 

Eslatib o‘tamiz, Husanov o‘tgan haftada «Chelsi» (3:1) bilan o‘yinda Premer-ligada debyut qilib, 54 daqiqa harakat qildi.

«Arsenal» — «Man Siti» o‘yini bugun, 2 fevral kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 21:30da boshlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid