3 fevral tongida Moskvadagi «Aliye parusa» turar joy kompleksida portlash ro‘y berib, buning oqibatida Donetsk oblastining ishg‘ol etilgan Horlivka shahridan bo‘lgan tadbirkor hamda jinoiy avtoritet Armen Sarkisyan halok bo‘ldi. Tergov versiyasiga ko‘ra, qotillikka Sarkisyanning biznesi bilan bog‘liq ta’sir doiralari qayta taqsimlanishi sabab bo‘lgan, ammo «ukrain izi» ham istisno etilmaydi: Yevromaydan voqealari vaqtida u muxolifat tarafdorlarini tarqatish uchun yollanma kuchlar yollagan, 2014 yil voqealaridan keyin esa hayotini o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» va Rossiya o‘rtasida o‘tkazgan, 2022 yilda keng ko‘lamli urushni qo‘llab-quvvatlab, ko‘p o‘tmay RF armiyasi tarkibiga kirgan «Arbat» nomli ko‘ngillilar batalyoniga asos solgan, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu tuzilma Sarkisyanning sadoqati tufayli Rossiya hukumati tomonidan Yevgeniy Prigojinning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga muqobil sifatida ko‘rilgan. «Meduza» Armen Sarkisyanning chekka hududdagi uyushgan jinoiy guruh a’zoligidan Rossiya-Ukraina urushidagi katta ta’sir doirasiga ega dala qo‘mondoni darajasigacha bo‘lgan yo‘lini hikoya qildi.

Donbassda Sarkisyan yirik uyushgan jinoiy to‘da a’zosi bo‘lgan — bu unga prezident Yanukovich davrasiga qo‘shilishiga yordam bergan

Armen Sarkisyan 1978 yilda Armanistonda tug‘ilgan, ammo go‘dak chog‘ligidayoq oila Horlivka shahriga ko‘chib borgan —Donetsk oblastidagi ushbu sanoat shahri SSSR davrida «Stirol» kimyoviy kombinati hamda konlar uchun burg‘ilash uskunalari ishlab chiqariladigan korxonalari bilan mashhur edi. «Donbassni men ikkinchi vatanim deb hisoblayman», — degandi Sarkisyan.

Sarkisyan 1990-yillardayoq Horlivkadagi jinoiy guruhlarga qo‘shilgandi, o‘shanda u yashirin biznes bilan shug‘ullanishni boshlagan. 2000-yillarga kelib esa jinoiy doiralarda aloqalarga ega bo‘lgan avtoritet darajasiga ko‘tariladi. Ukraina nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Sarkisyan «yenakiyevchilar»dan bo‘lgan Aleksandr Baturin (Batur)ga ishlagan jinoiy to‘dani boshqargan, keyinroq esa «yenakiyevchilar» yetakchisi Yuriy Ivanyushchenko (Yura Yenakiyev)ning ishonchli vakiliga aylangan. Yenakiyev uni «nazoratchi» sifatida tayinlagan — va Sarkisyan Armen Gorlovskiy sifatida tanilgan. 

«Yenakiyevchilar» Horlivkadagi eng jiddiy guruhlardan sanalgan. Ular spirtli ichimliklar va taksi biznesini boshqargan, shahardagi ko‘mir va metarllurgiya sanoatiga ta’sir o‘tkazgan, shuningdek, mish-mishlarga ko‘ra, rossiyalik jinoiy guruhlar bilan hamkorlikda Rossiya-Ukraina chegarasi orqali giyohvand moddalar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan. Donetskdagi «Vchasno» nashriga ko‘ra, Sarkisyanning ishi asosan «jinoiy faoliyat, odamlarni, biznesmenlarni qo‘rqitish va shu kabilardan iborat bo‘lgan».