Vashingtondagilar Rossiyaning Arktikadagi ishtirokini kengaytirish salohiyati AQShnikidan yuqori ekanini tan olishga majbur. AQSh va Kanada Rossiyadan ortda qolmaslik uchun ushbu mintaqaga ajratilayotgan harbiy xarajatlarni ko‘paytirmoqda. Ikkala davlat ham Arktikadagi qimmatbaho resurslar uchun da’vo qilmoqda hamda dengiz yo‘llarini rivojlantirishni ko‘zlamoqda. Lekin Rossiya bu sohada AQShdan ancha oldinda ekani ta’kidlanmoqda, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Ushbu maqolaning qisqacha mazmuni bilan tanishtiramiz.

* * *

Sovet Ittifoqi va AQSh sovuq urush davridan beri Arktikada o‘zining eng ilg‘or qurol-aslahalari va kuzatuv tizimlarini joylashtirgan. BBC xabariga ko‘ra, o‘sha paytda bu SSSR va NATO o‘rtasidagi yagona bevosita chegara bo‘lgan va Arktika potensial qarama-qarshilik hududi sifatida ko‘rilgan.

Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, AQSh Arktikadagi harbiy ishtirokini keskin kamaytirdi, Rossiya armiyasi esa pasayish yo‘liga o‘tdi. 1996 yilda Arktika Kengashi tashkil etildi, unga Rossiya va AQShdan tashqari Daniya, Islandiya, Kanada, Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiya ham qo‘shildi. Ushbu davlatlar madaniyat, fan va ekologik himoya sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.