Har yili kuz-qish mavsumida havo ifloslanishining asosiy manbalari ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar bo‘lib qolmoqda. Salkam 2 yil avval energetika sektorida boshlangan gaz bilan bog‘liq siyosat sabab ekologiya boy berilmoqda. Rasmiylar bunga kompleks yechimlar kerak deganiga ham yil to‘ldi. Biror ish qilinadimi? Kun.uz tobora jiddiylashib borayotgan mavzuda mustaqil ekspert hamda rasmiylar bilan suhbatlashdi.

Toshkent havosining sifati krizis nuqtaga yetib keldi hisob. 20 yilga yetib bormasligi prognoz qilinadigan poytaxtda atmosfera havosi endi yaxshilanadimi? Kun.uz ushbu muammo, uning sabablari va yechimi haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Suhbatda iqlimshunos Erkin Abdulahatov, Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi raisi Abdurahim Abduvaliyev, Ekologiya vazirligining tegishli departamenti boshlig‘i Farrux Sattorov hamda “Toshkent issiqlik markazi” MChJ direktori Begzod Buronboyev ishtirok etdi.

– Erkin aka, dastlab sizga yuzlansak. Mutaxassis sifatida Toshkent havosiga oid o‘z izlanishlaringizni olib borgansiz, bu haqda ko‘p gaplashdik. Suhbatning kirish qismi uchun shu o‘rganishlaringizni qisqacha tushuntirib berolasizmi, poytaxt havosi nima sabab ko‘p zaharlanmoqda?   

Erkin Abdulahatov: Albatta, shu masalada bir keys bilan boshlamoqchiman. Angliyadagi tumanli albion, ya’ni APL(Angliya premiyer ligasi)ni tumanli albion ham deyishadi. Bu – o‘sha XX asrdagi davrga xos bo‘lgan jumla. Qish oylarida ham qandaydir tumanning ichida futbol bo‘layotgani esimni tanibmanki juda kamdan kam holatda bo‘ladi. Lekin XX asr boshlarida bu juda ham ko‘p bo‘lgan. Buning sababi o‘sha paytda London kabi Angliyaning ko‘plab shaharlarida ko‘mir yoqilishi, umuman uglevodorodlar chiqishi natijasida tuman hodisalari ro‘y bergan. Ya’ni ko‘mirdan ajralgan mayda zarrachalar suv bug‘ining markazdagi kondensatsiya zarrachasiga aylanib qoladi. Va bu o‘z-o‘zidan tumanni chaqiradi. Bu tumanning fonida yana bir tabiatning fizik hodisasida muammo yuzaga keladi, ya’ni bu shamol. Mana shunday jarayonda shamol tezligi pasayib ketadi, shuning ortidan o‘tgan asrning 50 yili davomida Angliyada juda katta kurash boshlanadi, nima uchun, ko‘mir yoqilishi natijasida [yuzaga kelyapti deb]. Bu nafaqat aqliy salohiyatni pasaytiradi, o‘sha fuqarolarda salomatlik, tug‘ilish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganidan keyin bular chora ko‘rishadi. O‘sha manbalarda gaz resursi asosida yoqish va isitish mavsumiga o‘tishga bel bog‘lashadi.

Tushunarliki, ko‘mir va mazut yoqilishi natijasida havoda suv bug‘i, ya’ni xiralik ko‘payadi, buning fonida ifloslanish ham ortib ketadi. Hozirgi oxirgi vaqtda Toshkent atrofida yashaydigan aholining o‘zi, masalan, Nazarbek, Hasanboydagilar bilan gaplashsangiz ham o‘tmishga nisbatan tuman ko‘payganini ta’kidlashadi. Nima uchun? Chunki o‘sha Toshkent atrofida nafaqat issiqxonalar, balki Qozog‘istonning ham ta’siri bor, ularda ham issiqxonalar yetarli, 2 mingga yaqinni ular ham ko‘mir bilan isityapti. Gazsiz yondirayotgani yo‘q. Ularga ham chora ko‘rishimiz kerak, hozir umumiy ifloslanish haqida gapiradigan bo‘lsak, ekologiya bu juda keng tarmoqli. Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishimiz uchun bir ekolog olim aytganki, ekologiya bu tabiat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘p bosqichli tarmoqlarning tuzilishi, ishlashi bilan bog‘liq fanlararo bilimlar majmuasi hisoblanadi.