Siyosiy leksikonda inglizça “deep state”, rusça “glubinnoye gosudarstvo” degan atama tez-tez uçraydigan bölib qoldi. Bu tuşunçani özbek tiliga “yaşirin davlat”, “soyadagi kuçlar, “körinmas boşqaruv” deb tarjima qiliş mumkin.

“Deep state” jumlasi birinçi marta 1997 yilda AQŞda çiqadigan, eng köp tirajga ega gazeta hisoblanmiş New York Times'dagi maqolada işlatilgan. Maqola Turkiya Respublikasiga bağişlangan edi.

Maqolada Turkiyadagi “yaşirin davlat” hodisasi haqida gap ketadi, mamlakatni saylangan boş vazir, prezident va deputatlar emas, balki harbiylar va maxsus xizmatlar boşqarişi aytiladi. Turkiya Konstitutsiyasiga köra, davlatni demokratik institutlar va xalq tomonidan saylanadigan mulozimlar boşqarişi kerak. Lekin, maqola muallifiga köra, oxirgi sözni harbiylar va maxsus xizmatlar aytadi, prezident va boş vazirning ularni tiyib turişga, öziga böysundirişga qurbi, qudrati yetmaydi.

Şunday keyin “yaşirin davlat” atamasining işlatiliş sarhadi faqat kengayib bordi.

“Yaşirin davlat” deganda, davlatning yaşirin qismi nazarda tutilmaydi. Misol uçun, har qanday davlatda maxsus xizmatlar, kuç işlatar tizimlari böladi. Lekin davlatçilikka köra, bunday strukturalarning bölişi va ma’lum darajada jamiyatdan yaşirin bölişi – bu tabiiy holat.

“Yaşirin davlat” – bu siyosiy kuçlarning yaşirinça, orqavarotdan işlaşi, ommaga körinmasdan katta işlar va loyihalarni amalga oşirişi, jarayonlarni özlari istagan özanga bura olişi hisoblanadi.

“Yaşirin davlat” nazariyasiga köra, deputatlar, senatorlar, vazirlar va davlat rahbarlari – yaşirin siyosiy kuçlarning qölida qöğirçoq böladi yoki vakolati çeklangan böladi.

“Yaşirin davlat” tuşunçasining yana bir tarkibiy qismi – bu rasmiy davlat organlarining prezident yoki boş vazir siyosatini sabotaj qilişi, özlarining mustaqil siyosiy kursiga ega bölişidir.

“Yaşirin davlat” atamasi bir vaqtlar demokratik bölmagan, harbiylar va maxsus xizmatlarning nolegitim ta’siri yuqori bölgan Turkiya, Pokiston, Misr kabi davlatlarga nisbatan işlatilar edi. Bugun esa bu atama har qanday davlatdagi ma’lum siyosiy kuçlarning tabiatini ifodalaş uçun ham işlatilmoqda.

Misol uçun, har qanday jamiyatda Konstitutsiya va rasmiy siyosiy öyin qoidasi doirasida ifodalanmagan juda katta kapital egalari, siyosiy manfaatlar guruhlari böladi. Tabiiyki, bunday şaxslar va guruhlar, özlarining manfaatlarini himoya qiliş va oşirib boriş uçun, ma’lum loyihalarni amalga oşiradi, va köpinça, yaşirin holda fikrlagani va işlagani uçun ham, ularga nisbatan “yaşirin davlat” atamasi işlatilişi kuzatiladi.