Agar Vladimir Putin Kiyevning uzoq muddatli mustaqilligini kafolatlaydigan tinchlik shartnomasiga rozi bo‘lmasa, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashi yoki o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishi mumkinligini istisno qilmaydi, dedi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida.

«Iqtisodiy bosim richaglari bor, albatta, harbiy bosim richaglari ham bor», — dedi Vens. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Moskva muzokaralar olib borishdan bosh torsa, AQSh qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish varianti «kun tartibida» qoladi.

Vensning Ukrainaga AQSh qo‘shini yuborilishi mumkinligi haqidagi bayonoti Pentagon rahbari Pit Hegset Bryusselda Ukraina bo‘yicha kontakt guruhi yig‘ilishi vaqtida bunday ehtimolni istisno qilgani ortidan yangradi.

AQSh vitse-prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp va Vladimir Putinning muzokaralari natijasida «ko‘pchilikni hayratda qoldiradigan bitim» tuzilishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, u Tramp muzokaralar davomida u yoki bu masalalar bo‘yicha o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidladi. Hozir uning ma’muriyatining maqsadi — Putinni diplomatiyada jang maydonidagidan ko‘ra ko‘proq narsaga erishishiga ishontirishdir.

Vensning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning qancha qismi Rossiya nazorati ostida qolishi yoki AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Kiyevga qanday xavfsizlik kafolatlarini taklif qilishi mumkinligi haqida gapirishga hali erta. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tafsilotlar tinchlik muzokaralari davomida ishlab chiqilishi kerak. «Ko‘plab formulirovkalar, konfiguratsiyalar mavjud, ammo bizni Ukrainaning suveren mustaqilligi tashvishlantiradi», — degan vitse-prezident.

Bundan tashqari, Vens Ukraina bo‘yicha muvaffaqiyatli tinchlik kelishuvidan keyin Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklashni taklif qildi. AQSh vitse-prezidentining fikricha, Moskvaning G‘arb bozorlaridan hozirgi izolyatsiyasi uni «Pekinning kichik ukasi»ga aylantiradi.

  • The Wall Street Journal qayd etishicha, Jyey Di Vens AQShning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini Pentagon rahbari Pit Hegsetga qaraganda qat’iyroq shaklda taqdim etgan. 12 fevral kuni Bryusselda Ukraina bo‘yicha kontakt guruhi yig‘ilishida Hegset yevropalik ittifoqchilar oldida nutq so‘zlab, Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal etishda qilinishi mumkin bo‘lgan yon berishlarga ishora qilgandi.
  • Xususan, Hegset Ukrainaning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytishini — «xayoliy maqsad» deb atab, Kiyev NATOga qo‘shilishi «mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal etishning real yakuni bo‘lmasligi»ni bildirgandi. U shuningdek har qanday xavfsizlik kafolatida ham AQSh qo‘shini Ukrainaga yuborilishini istisno qilgandi.