2025 yil boshidan buyon frontdagi harbiy to‘qnashuvlar miqdori barqaror ravishda kamaymoqda, masalan, fevralning dastlabki haftasi davomida ancha vaqtdan buyon rossiyaliklarning kunlik hujumlari soni 100 martadan kam bo‘lgan. Rossiya armiyasi tomonidan bu darajada past faollik oxirgi bor yarim yil oldin, avgust oyida kuzatilgandi.

Ammo Pokrovsk atrofidagi vaziyat eng tahdidlisi bo‘lib qolmoqda. Rossiyaning 1000 kilometrga cho‘zilgan butun front bo‘ylab har kungi hujumlarining uchdan bir qismi, ba’zida esa teng yarmi aynan shu yo‘nalishda qayd etilmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, bu yerda rossiyaliklar ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy keltirgan statistikaga ko‘ra, yanvar oyining o‘zida Moskva Pokrovsk atrofida 15 ming harbiy yo‘qotgan, shundan 7 ming nafari — tiklanmas yo‘qotishlardir.

Biroq, Rossiya armiyasining bu yerdagi so‘nggi nisbatan muvaffaqiyatli harakatlari 2024 yil noyabr oyi oxiri — dekabr oyi boshida qayd etilgan, o‘shanda rus harbiylari Pokrovskning janubi-g‘arbiy chekkalariga yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan edi. O‘tgan ikki oy ichida UQK dushmanning hujumini sezilarli darajada to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, ukrainaliklar muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtira oldi.

Bu yanvar oyi oxirida «Hortitsa» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi qo‘mondoni o‘zgarganidan keyin sodir bo‘ldi. Frontning bu uchastkasiga bir vaqtning o‘zida Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni bo‘lgan general Mixaylo Drapatiy mas’ul etib tayinlandi.

Qanotlardagi kurash

O‘tgan yilning kuz fasli o‘rtalaridan RF armiyasi Pokrovskdagi ukrain garnizoniga ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yish maqsadida shaharni sharq, janub va g‘arbdan o‘rab olish rejasini amalga oshirishga kirishdi.

Rossiya armiyasi shaharning sharqiy chekkasiga 2024 yil sentabr oyi oxirida yaqinlashishga muvaffaq bo‘ldi. Kuz oxiriga kelib, rossiyalik harbiylar Pokrovskka olib boradigan janubiy yo‘llarni kesib qo‘ydi va dekabr oyida Kotlino qishlog‘i yaqinida Mejyevaya shahriga (Dnepropetrovsk oblasti) olib boruvchi avtomobil yo‘liga chiqdi.

Rossiyalik harbiylarning keyingi maqsadi — shimolroqda Pavlogradga olib boruvchi trassani kesib qo‘yish, shuningdek Dnipropetrovsk oblastining ma’muriy chegaralariga yetish hisoblanadi. Ikki vazifa ham uddalab bo‘lmas vazifa emas — ikki holatda ham rossiyaliklar taxminan 4-5 kilometr masofa bosib o‘tishi qolgan. Ammo Kremlni bu maqsaddan Ukraina qurolli kuchlarining frontning mazkur uchastkasida kuchayib borayotgan qarshiligi to‘sib turibdi.