Argentinalik advokatlar Xonatan Baldiveso va Markos Selay mamlakat prezidenti Xaver Mileyni firibgarlikda ayblab, sudga berdi. Avvalroq, Miley ijtimoiy tarmoqlarda $LIBRA memkoinini reklama qilgan, dastlab uning narxi keskin ko‘tarilib, keyin qulagan, oqibatda ko‘plab odamlar iqtisodiy zarar ko‘rgan edi. AP xabariga ko‘ra, Baldiveso Argentina prezidentining harakatlari «sodir etilgan jinoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini» ta’kidlamoqda. Meduza mojaro tafsilotlarini keltirdi.

Memkoin (memecoin) nima? U asosiy qiymatga ega bo‘lmagan kriptovaluta, ko‘ngilxushlik va kursining o‘sishida pul ishlab qolish maqsadida yaratiladi. Ko‘pincha, bunday kriptovalutaning yaratuvchilari loyihani rivojlantirmoqchi emasligini oldindan e’lon qiladi, lekin foydalanuvchilar qisqa vaqt ichida yuzlab va minglab foiz foyda olish umidida bunday mem-tokenlarini sotib oladi.

Argentina prezidentining tvitidan so‘ng, $LIBRA memkoini narxi yarim soat ichida 1300 foizga ko‘tarildi, keyin pasayib ketdi

14 fevral kuni Xaver Miley X ijtimoiy tarmog‘ida $LIBRA kriptovalutasini reklama qiluvchi xabarni joylashtirdi. Mileyning ta’kidlashicha, «xususiy loyiha» «Argentinadagi kichik biznes va tadbirkorlarni moliyalashtirish orqali Argentina iqtisodiyotining o‘sishini rag‘batlantirish» uchun mo‘ljallangan. «Dunyo Argentinaga sarmoya kiritmoqchi. $LIBRA», deyiladi postda. Tvitda Vivalalibertadproject veb-saytiga havola mavjud bo‘lib, unda «Viva la libertad!» («Yashasin ozodlik!»), iborasi mavjud. Odatda Miley o‘z nutqlarini shu ibora bilan yakunlaydi.

Bir necha soat o‘tgach, Miley tvitni o‘chirib tashladi va shunday dedi: «Men loyiha tafsilotlarini bilmasdim va bilib olganimdan keyin uni targ‘ib qilishni davom ettirmaslikka qaror qildim». Shuningdek, Argentina prezidenti kriptovalutani ishga tushirgan xususiy kompaniya bilan «aloqasi umuman yo‘qligini» ta’kidladi.

$LIBRA tokeni yuqori tranzaksiya tezligi va past komissiya to‘lovlariga ega bo‘lgan Solana blokcheynida ishga tushirildi va bu uni memkoin treyderlari orasida mashhur qildi. Ishga tushirish vaqtida kriptovalutaning qiymati sezilarli darajada oshdi - yarim soat ichida 1300 foizga. Eng yuqori cho‘qqisida kriptovalutaning bozor qiymati 4,6 milliard dollarni tashkil etdi, ammo keyin narx keskin tushib ketdi, bu memkoinlar bilan tez-tez sodir bo‘ladigan hodisa. Investorlar millionlab zarar ko‘rdi. Memkoinning kapitalizatsiyasi 95 million dollarga tushib qoldi.

Kriptovalutaning ishga tushirilishi «global firibgarlik» deb ataldi. Argentina prezidenti ofisi tergov boshladi