Turkiya hukumati istanbulliklarni kuchli zilzila va sunami xavfidan ogohlantirdi. 15 milliondan ortiq aholi yashaydigan megapolis shaharda 7 magnitudadan yuqori zilzila bo‘lishi mumkin va bu balandligi 3-5 metrli sunamiga sabab bo‘ladi. Qirg‘oqbo‘yi hududlarda sirenalar o‘rnatilgan, aholiga xabarnomalar yetkazish tizimi faol yo‘lga qo‘yildi. Istanbulda yashovchi o‘zbek jurnalisti Sohiba Hayotga ko‘ra, zilziladan qo‘rqib, Anqaraga ko‘chib ketayotganlar ham bor.
Turkiya hukumati Santorini orolidagi seysmik faollik sabab ehtimoliy zilzila va sunamiga tayyorgarlikni boshladi. Davlat tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib, qator turk OAV aholini kuchli yer qimirlashidan ogohlantirmoqda. Qirg‘oqbo‘yi hududlarda sirenalar o‘rnatildi, aholiga zilziladan avval sms-xabarlar jo‘natish tizimi faollashtirilmoqda. Turkiya matbuoti bunga jiddiy e’tibor qaratyapti.
Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida yashovchi jurnalist Sohiba Hayot fikricha, zilzila mavzusi – turklar uchun doimiy kun tartibida. Uy xarid qilishda, ish tanlashda, yashash uchun shahar tanlashda aytiladigan kriteriyalardan biri – zilzilaga bog‘liq bo‘ladi.
“Yetti balldan yuqori zilzila bo‘lishini xabar qilishmoqda, matbuot ham shuni gapiryapti va odamlardan tayyor turish so‘raldi. Albatta, zilzilaning oldini olib bo‘lmaydi, lekin davlat tabiiy ofatning xavfini kamaytirishi mumkin. Targ‘ibot va ogohlantirish ishlari juda yaxshi ketyapti, deya olaman. Boshqarma xodimlari mahallalarda uyma-uy ham yurishibdi. Zilzilada eng katta xavf bu – uylarda, hukumatning hozirgi birlamchi qilayotgan ishi shu uylarni tekshirish bo‘lyapti. Eskilarini buzib, yangisiga odamlarni ko‘chirish kerak” – Sohiba Hayot, jurnalist.
Lekin odamlarni mustahkam va baquvvat uylar bilan ta’minlash ishi ham oson emas. Chunki Istanbulda 15 milliondan ortiq aholi yashaydi va qisqa muddatda hammani yangi binolarga ko‘chirib o‘tkazish – imkonsiz.
2023 yil fevral oyidagi zilzilalar va ularning ayanchli oqibati 50 mingdan ortiq kishining qurbon bo‘lishiga olib kelgan. Hozirda u hududlarda hali-hanuz qurilish va odamlarni uy-joy bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Shunday sharoitda hukumat qurilish standartlari va zilzilaga bardoshli binolarni saqlab qolish ishida qat’iy turibdi.
Suhbatdoshimizga ko‘ra, odamlar zilzila mavzusiga ko‘nikkan. Chunki zilzila va tabiiy ofatlar Istanbul aholisi uchun yangilik emas hamda turklar hayotining bir qismiga aylangan, ular buni oddiy qabul qiladi, deydi Sohiba Hayot.













