Jahon | 15:52 / 27.02.2025
5676
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy tog‘larida adashgan sayyoh tish pastasi tufayli omon qoldi

18 yoshli yigit eng xavfli yo‘nalishdan yurishga qaror qilgan. Bu hududda ilgari 50 dan ortiq sayyoh yo‘qolgan yoki halok bo‘lgandi.

Foto: Shutterstock/Douyin

Xitoyning Shensi provinsiyasidagi Tsinlin tog‘ tizmasini yolg‘iz bosib o‘tmoqchi bo‘lgan 18 yoshli Sun Lyan yo‘ldan adashdi. U 10 kun davomida qor va tish pastasini iste’mol qilib tirik qoldi, deb xabar bermoqda South China Morning Post.

Sayyoh 8 fevral kuni yo‘lga chiqqan. Ikki kundan so‘ng uning telefoni va boshqa elektron qurilmalari quvvati tugab, yaqinlari bilan aloqa uzilgan. Sun Lyan soy bo‘ylab pastga tushishga qaror qilgan va bir necha marta yiqilgan, oqibatda o‘ng qo‘lini sindirib olgan.

Kuchli shamoldan himoyalanish uchun yigit katta tosh ortiga yashirinib, quruq somon va barglardan karavot yasagan. U daryo suvi va erigan qorni ichib, tish pastasini iste’mol qilgan.

Foto: QQ.com

Sun Lyanni 17 fevral kuni favqulodda xizmatlar xodimlari topib oldi. Qidiruv guruhi sayyohning oilasi iltimosiga ko‘ra tog‘ga chiqqandi. Ta’kidlanishicha, yigit ushbu hududda yo‘qolganlar orasida qutqarilgan birinchi odam bo‘ldi.

So‘nggi 20 yil ichida bu yo‘nalishda 50 dan ortiq sayyoh yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan. 2018 yilda mahalliy hokimiyat sayyohlarga mazkur hududga kirishni taqiqlagan, ammo ba’zilar baribir u yerga safar uyushtiradi.

Mavzuga oid