«Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish» loyihasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4,8 mingta hisoblagichlarni hamda 2,8 mingta telemetriya tizimlarini o‘rnatish hisobiga ishlab chiqarilgan ichimlik suvining aniq hisobini yuritish;
- 12,7 mingta suv inshootlari hamda 80 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarining raqamli xaritasini (GIS) joriy etish orqali infratuzilmani yangilash ishlari samaradorligini oshirish;
- 5,1 million iste’molchini qamrab olgan billing tizimini takomillashtirish, suv ta’minoti korxonalari moliyaviy hisobotining xalqaro standartlariga o‘tish va konsolidatsiyalashgan hisob-kitobini yuritish;
- respublika va 14 ta hududiy suv ta’minoti korxonalarida yagona situatsion markaz tashkil etish orqali avariyalarni tezkor bartaraf qilish tizimini joriy etish.








