Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 6 mart kuni davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi (MTT) mas’ullari bilan uchrashdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muloqotda respublikadagi 38 mingdan ortiq MMT rahbari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, maktabgacha ta’lim sohasida bog‘chalar soni 8 barobarga oshib, bolalarning qamrov darajasi 2017 yildagi 27 foizdan 77 foizga yetkazildi. Tashkil etilgan bog‘chalarning qariyb 7 mingtasi davlat, 31 mingdan ortig‘i nodavlat bog‘chalar hisoblanadi (nodavlat bog‘chalarda qariyb 1 millionga yaqin bola tarbiyalanmoqda).

Xususiy maktab yoki bog‘cha ochishdagi byurokratiya yo‘q qilinib, tizim raqamlashtirilgani natijasida litsenziya berish muddati oldingi 3 oydan 15 kunga qisqartirildi, oilaviy bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda davlat budjetidan 3,8 trillion so‘m ajratildi.

Hilola Umarova ushbu yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, xususiy bog‘chalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini jami tarbiyalanuvchilari soniga nisbatan 10 foiz miqdorida bepul qamrab olishga yetarli e’tibor qaratilmayotganligi, bolalarning real sonini yashirish holatlari uchrayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.

Ba’zi oilaviy bog‘chalarda davlat budjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘larini olish uchun davomatni sun’iy oshirib ko‘rsatish, «yaxshi maqsadda yaratib berilgan imkoniyatdan qing‘ir yo‘l bilan foydalanish» holatlari mavjud. Ta’lim va tarbiya jarayonlarida davlat o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari uchramoqda.

Bog‘chalarda turli tadbirlarni o‘tkazish, tarbiyalanuvchilarning tug‘ilgan kunini dabdaba bilan nishonlash, «ko‘ngilochar dastur» deb bolalarning yoshiga, psixologik holatiga mos bo‘lmagan sirk va boshqa yovvoyi hayvonlarni namoyish qilish bilan bog‘liq salbiy holatlar ham ko‘p kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarda ayrim tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik, tarbiyasizlik holatlari aks etgan videolavha va turli xabarlar tarqatilmoqda.

2024 yilda ayni shu masalada Vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan. Oqibatda, 32 rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etildi, 3 nafari javobgarlikka tortildi, 15 nafariga intizomiy chora ko‘rildi, 15 ta xususiy bog‘chaga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Vazir bog‘cha rahbarlari e’tiborini ushbu salbiy holatlarga qaratar ekan, «bir haqiqatni yaxshi anglab olishimiz zarur: bolalarga har qanday shaklda kuch ishlatish, ularni turli usullarda jazolab tarbiyalash aslo mumkin emas. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodim birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishlari shart», deb o‘z qat’iy fikrlarini bildirib o‘tdi.