Angliya: Saloh APLning abadiy rekordi sari ketmoqda

«Nottinghem Forest» – «Manchester Siti» – 1:0
Gol: Hadson-Odoi, 83.
«Nottinghem Forest»: Zels, Ayna, Milenkovich, Murilo, Uilyams, Dominges (Yyeyts, 69), Anderson, Elanga (Sangare, 80), Gibbs-Vayt, Hadson-Odoi (Morato, 87), Vud (Avoniyi, 87)
«Manchester Siti»: Ederson, Nunes (Lyuis, 61), Husanov, Diash, Gvardiol, Gonsales (Kovachich, 62), Silva, Savino (Marmush, 69), Foden (De Bryuyne, 69), Doku, Holand.

Kunning birinchi o‘yini ssenariysini oldindan taxmin qilish mumkin edi, «Manchester Siti»ga qarshi Nunu Eshpiritu Santu uyda ham ikkinchi raqam ostida o‘ynashi va qarshi hujumlarga tayanishi tushunarli edi. Joriy mavsum «o‘rmonchilar» kichik imkoniyatdan ham foydalanib ketishini ko‘p marta ko‘rsatdi. Jamoa sabr qilishni biladi va o‘z lahzasini uzoq vaqt kuta oladi. Buni butun APL biladi, ammo amalda hech kimda «Nottinghem» modeliga qarshi retseptlar yo‘q. Turnir jadvali peshqadami «Liverpul» birinchi davrada o‘z maydonida yutqazgan (0:1), ikkinchi davrada safar o‘yinida ham gol urolmagandi (0:0).

Bu jamoaga qarshi imkon qadar birinchi bo‘lib gol urish kerak bo‘ladi. Birinchi davrada «Arsenal» va «Siti» o‘z maydonidagi o‘yinlarda buni uddalagan va yakunda yirik hisobda g‘alaba qozongandi (3:0). Ammo ikkinchi davrada «Nottinghem» «Arsenal» hisobni ochishiga yo‘l qo‘ymadi (0:0), amaldagi chempionlar ham tezkor gol ura olmagach, o‘yinni asta-sekinlik bilan o‘ziga moslashtirdi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faollashganida esa bir xavfli vaziyatni Ederson bartaraf etdi. Yerlatib yo‘llangan zarbadan keyin braziliyalik posbon ajoyib seyv ijro etib, to‘pni ustun tomon yo‘naltirdi, ammo ko‘p o‘tmay yaqin burchagidan gol o‘tkazib yubordi.

Bu golda birgina darvozabonni ayblab bo‘lmaydi, bu qarshi hujum Marmush o‘ng qanotda to‘pni Aynaga oldirishi va keyin chap qanot himoyasiga javobgar futbolchilar Gibbs-Uaytning diagonal uzatmasiga tayyor bo‘lmagani tufayli ham ro‘y berdi.

Hadson-Odoining zarbasi to‘p Gvardiolning oyoqlari orasidan o‘tib kelgani ham darvozabonga qiyinchilik tug‘dirdi, qolaversa, zarba yaqin masofadan yo‘llangandi. Bu g‘alaba evaziga «Nottinghem» «Siti» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazib, uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. Yakshanba kungi o‘yinlar natijalariga ko‘ra «Siti» kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini «Chelsi»ga oldirib qo‘yishi ham mumkin. 

«Siti» safida bu safar ham Abduqodir Husanov kuchli o‘yin namoyish etdi va bir necha bor jamoasini golli vaziyatlardan qutqarib, yakunda eng yaxshi ball olgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola ham o‘zbekistonlik himoyachining harakatlarini yuqori baholab, «uning o‘yinlaridan baxtiyor ekani»ni aytdi.