Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlarini monitoring qilish markazi (SOHR) juma va shanba kunlari mamlakat g‘arbida, O‘rta Yer dengizi sohilida joylashgan shaharlarda alaviylarga qarshi 30 ga yaqin hujumlar oqibatida tinch aholi vakillaridan 973 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Kuzatuvchilar qurolli tuzilmalar a’zolari ham qo‘shib hisoblanganda, qurbonlarning umumiy sonini 1,3 ming kishiga baholagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 231 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari, 250 nafari ag‘darilgan prezident Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlagan jangarilar bo‘lgan.

Suriya davlat televideniyesida chiqish qilgan Ash-Shar’a Asadga sodiq bo‘lgan kuchlarni topish va zararsizlantirishga ham va’da berdi.

«Bugun biz bu og‘ir lahzalarni boshdan kechirayotganimizda, oldimizda yangi xavf paydo bo‘ldi - sobiq tuzumdan qolgan odamlar va ularning chet ellik tarafdorlari yangi nizoni qo‘zg‘atishga va mamlakatimizni fuqarolar urushiga tortishga urinmoqda, – dedi ash-Shar’a. – Ularning maqsadi – bizni parchalab, birligimiz va barqarorligimizni yo‘q qilishdir».

«Biz tinch aholi o‘rtasida qon to‘kilishiga yoki xalqimizga zarar yetkazishga aloqador bo‘lganlarning barchasini qat’iyat bilan va hech qanday rahm qilmasdan javobgarlikka tortishimizni tasdiqlaymiz. Ular davlat bergan vakolatidan chetga chiqqan yoki hokimiyatdan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalangan kishilar», – dedi Suriya rahbari.

Avvalroq ash-Shar’a «tinch aholiga qarshi qonunbuzarliklarni tekshirish va ular uchun javobgarlarni topish» bilan shug‘ullanadigan «mustaqil qo‘mita» tashkil etilishini e’lon qilgandi.

Alaviylar yashovchi hududlarda nimalar bo‘lmoqda?

Xabarlarga ko‘ra, alaviylar yashovchi tumanlarda yuzlab kishilar o‘z uylarini tark etgan.

Shia mazhabi tarmog‘i hisoblangan alaviylar diniy oqimi vakillari Suriya aholisining taxminan 10 foizini tashkil etadi. Suriya aholisining aksariyati sunniy musulmonlardir.

O‘tgan hafta payshanba kuni Suriyaning yangi hukumati bilan aloqador bo‘lgan Syria TV telekanali mamlakat xavfsizlik kuchlarining kamida 13 nafar xodimi ag‘darilgan Bashar Asad rejimiga aloqador qurolli shaxslar bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

To‘qnashuvlar Lataqiya yaqinidagi Jabla shahri hududida, Asadlar oilasi mansub bo‘lgan alaviy jamoasining yuragi hisoblangan sohil zonasida boshlandi.

SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida mingdan ortiq odam o‘ldirilgan, bu 2024 yil dekabr oyida isyonchilar Asad rejimini ag‘darganidan beri Suriyadagi eng ommaviy va shafqatsiz zo‘ravonlik ko‘rsatilishi bo‘ldi.