Anchadan buyon Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush haqida video qilmay qo‘ygandik. Bugun frontda kuzatilgan unikal operatsiya haqida gaplashamiz. Axir bu voqeani Rossiya tomoni urushdagi burilish nuqtasi deb atamoqda. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Voqea haqida fikringiz biz uchun qiziq.
Qarshi hujum
Esingizda bo‘lsa, Ukraina o‘tgan yili 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirgan va 1200 kilometr kvadrat maydonni egallab olgandi. Kiyev egallab olgan hududlardan muzokaralarda foydalanishni maqsad qiladi. Biroq Rossiya hozirgacha ukrainlar egallab olgan hududning katta qismini qaytarib olishga erishdi. Xabarlar lentasida ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, oxirgi 3-4 kun ichida ruslar Kurskda yaxshigina odimladi.
8 mart kuni Rossiya armiyasi Ukraina nazorat qilayotgan Sudja tumanidagi ukrain kuchlariga ortdan borib hujum qiladi. Ukrain kuchlarini aylanib o‘tish uchun ruslar Sudjadagi «Urengoy – Pomari – Ujgorod» gaz quvuridan foydalangan. Rossiya tomoni berayotgan bayonotlarda aytilishicha, bu operatsiya Ukraina mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish uchun hal qiluvchi yurish bo‘lgan.
Bu quvur orqali Rossiya uzoq yillar Ukraina orqali Yevropaga gaz yuborib kelgan. 2025 yil 1 yanvardan buyon gaz o‘tkazgich ishlamayotgandi. 8 mart ertalabdan bir qator Rossiyadagi Z-kanallar muvaffaqiyatli o‘tgan quvur operatsiyasi haqida gapira boshlashdi. Ularda aytilishicha, 100 kishidan iborat guruh 1,4 metr diametrli quvur orqali bir hafta davomida 16 km masofani bosib o‘tgan. Ular ikki kun harakatlanib, yana to‘rt kun quvurdan chiqib hujum qilishni kutgan.
Operatsiyani «Veteranlar» xususiy harbiy kompaniyasi, Apti Alaudinov boshchiligidagi «Axmat» maxsus kuchlari va Rossiya armiyasi 30-motoo‘qchi polki tashkil qilgan. «Veteranlar» guruhi uchun bunday operatsiya yangilik emas. Ular o‘tgan yil yanvar oyida Avdeyevkaga hujum vaqtida yerosti yo‘lidan foydalangan.
Urush tarafdori bo‘lgan rossiyaliklar bu operatsiyani ko‘tarinkilik bilan maqtashmoqda. Biroq bir guruh Z-blogerlar va urush targ‘ibotchilari operatsiya yomon tashkil qilinganidan noligan. Ularning e’tiroziga ko‘ra, operatsiyada ventilyatsiya va ta’minotdagi kamchilik sabab bir necha harbiy metandan zaharlanib o‘lgan. Z-bloger Yegor Guzenko esa operatsiya haqida suratlar tarqalib ketgani dushmanga qo‘l kelgan. Chunki quvurdan chiqqan harbiylar yaxshi joylashib olishi uchun kamida bir hafta kerak bo‘lgan.







