Ukraina darhol o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor - agar Rossiya ham to‘xtatsa. Saudiyadagi muzokaralarning asosiy yakunlari
AQSh Kiyevga harbiy yordamni tiklamoqda.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi / EPA / Scanpix / LETA
Jiddada Ukraina va AQSh muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Kiyev tomonidan unda prezident ofisi rahbari Andrey Yermak, tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va mudofaa vaziri Rustem Umerov, Vashington tomonidan esa davlat kotibi Marko Rubio va prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols ishtirok etdi. Bu Ukraina va AQSh prezidentlari Volodimir Zelenskiy va Donald Trampning Oq uydagi tortishuvi va Kiyevga Amerika harbiy yordami to‘xtatilganidan keyin ikki mamlakat vakillarining bunday yuqori darajadagi birinchi uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuv boshlanishidan oldin Vashingtondagilar Ukraina yon berish va «qiyin qarorlar»ga tayyor bo‘lishi kerakligi aytishgan – faqat shundagina AQSh o‘z yordamini qayta tiklashi va’da qilingandi.
AQSh 30 kunlik sulh taklif qildi. Ukraina rozi bo‘ldi. Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Ukraina tomoni «Rossiya Federatsiyasi tomonidan qabul qilinishi va bir vaqtning o‘zida bajarilishi sharti bilan, tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra uzaytirilishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini zudlik bilan joriy etish taklifini qabul qilish»ga tayyorligini bildirgan. Uchrashuvdan oldin OAV Ukraina delegatsiyasi vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilishi mumkinligi, bu qisman sulh bo‘lishi hamda faqat havo va dengiz hujumlariga taalluqli bo‘lishi haqida yozgandi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muzokaralar yakunlanib, bayonot e’lon qilinganidan bir necha daqiqa o‘tib, Kiyev o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga tayyorligini tasdiqladi. «Ukraina tinchlikka tayyor. Endi Rossiya urushni to‘xtatish yoki urushni davom ettirishga tayyorligini ko‘rsatishi kerak», – dedi u.
AQSh Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklamoqda. «Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumotlari almashishdagi pauzani zudlik bilan bekor qiladi va Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordamni qayta boshlaydi», – deyiladi qo‘shma bayonotda. Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan so‘ng yordam to‘xtatilgandi; AQSh razvedka ma’lumotlari yo‘qligi fonida Ukraina qurolli kuchlari bir necha kun ichida Kursk oblastida egallab olgan hududlarining uchdan bir qismini boy berdi. Avvalroq OAV harbiy yordamni to‘xtatish Tramp tomonidan Kiyevni Moskva bilan muzokaralarga undash uchun Ukrainaga bosim o‘tkazish usuli bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Muzokaralarda nodir metallar bo‘yicha kelishuv muhokama qilinmagan, biroq uchrashuv yakunida Marko Rubio bu masala avvalroq Ukraina va AQSh moliya vazirliklari darajasida kelishib olinganini aytdi. «Prezidentlarimiz o‘z hukumatlarining tegishli a’zolariga buni oxiriga yetkazish va yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi», – dedi AQSh davlat kotibi.
AQSh muzokaralar natijalarini Rossiyaga yetkazadi. «Biz hozir bu taklifni Rossiya tomoniga yetkazamiz va umid qilamizki, ular tinchlikka „ha“ deyishadi. To‘p endi ularda», – dedi Marko Rubio muzokaralardan so‘ng. U «ruslar ham shunday javob qaytarishi»ga umid bildirgan. Avvalroq Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin «tinchlik istayotgani» haqida gapirgan, biroq shu bilan birga, agar Rossiya tinchlik sari yurmasa, «keng ko‘lamli sanksiyalar» joriy etish bilan tahdid qilgandi. Muzokaralardan so‘ng Tramp AQSh vakillari Rossiya delegatsiyasi bilan «bugun kechroq yoki ertaga» uchrashishini aytdi. Shuningdek, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni yana Oq uyga taklif etishini, chunki «Amerika Ukrainadagi urushni tugatmoqchiligi»ni aytdi.
Moskvadagilar hozircha AQSh va Ukrainaning sulh bo‘yicha taklifiga izoh bermadi.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Xitoy atom energetikasi sohasida dunyoda yetakchiga aylandi
Jahon | 00:46
-
O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlar asossiz - TIV vakili
Jahon | 00:31
-
Dubay turistlar uchun yangi talablarni e’lon qildi
Jahon | 00:19
-
«Liverpul» «Tottenhem»ni yirik hisobda mag‘lub etib, APL chempionligini qo‘lga kiritdi
Sport | 23:12 / 27.04.2025
Mavzuga oid

21:23 / 27.04.2025
AQSh davlat kotibi kelasi hafta Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar uchun «nihoyatda muhim» bo‘lishini aytdi

18:17 / 27.04.2025
Rossiya dengiz piyodalari va Z-blogerlar Kursk oblastida hamon ukrain harbiylari borligini xabar qildi

10:16 / 27.04.2025
Rossiya Bosh shtabi Kursk oblasti to‘la ozod etilgani haqida hisobot berdi

15:38 / 26.04.2025