Andijon xalqaro aeroporti aerodromi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi. 2025 yil 15 mart kuni aeroport Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Birinchi bosqich doirasida uzunligi 3300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.
Aerodrom qoplamasining yangi elementlari (uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va perron) betondan qurilgan. Bu aeroportga Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.
Aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom ettirilib, radar, meteorologik va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga perronda xizmat ko‘rsatish va tungi vaqtda hamda noqulay ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.
Andijon aeroporti aerodrom majmuasini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish munosabati bilan 2023 yil 1 aprel kuni yopilgan edi. Ta’kidlanishicha, aeroport tez orada ishga tushiriladi.











