AQSh Yamandagi isyonchi husiychilarga «qat’iy va kuchli» havo zarbalari to‘lqinini boshladi, dedi prezident Donald Tramp va o‘z qarorini qurolli guruhning Qizil dengizdagi kemalarga hujumlari bilan izohladi – bu dunyodagi eng muhim neft va yoqilg‘i tashish yo‘nalishlaridan biri.

«Bugun men Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylariga Yamandagi husiy terrorchilarga qarshi qat’iy va kuchli harbiy chora ko‘rishni buyurdim. Ular Amerika va boshqa davlatlarning kemalari, samolyotlari va dronlariga qarshi qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizmning tinimsiz kampaniyasini olib bormoqda», deb yozdi u Truth Social sahifasida.

«Terrorchi husiychilarga xabar beraman: sizning vaqtingiz tugadi. Siz bugunoq hujumlarni to‘xtatishingiz kerak. Aks holda, sizni hali hech qachon boshdan kechirmagan do‘zax azobi kutmoqda», deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.

«Bizning jasur harbiylarimiz hozirda Amerika dengiz, havo va harbiy-dengiz aktivlarini himoya qilish va kemalar qatnovi erkinligini tiklash uchun terrorchilar bazalari, ularning yetakchilari va raketaga qarshi mudofaasiga havodan zarbalar bermoqda», deb yozgan Tramp.

Husiychilar o‘z bayonotida AQSh va Buyuk Britaniyani Sano aholisiga qarshi «yovuz» tajovuzda aybladi. Biroq Londonning Yamanga shanba kungi zarbalarga aloqasi yo‘qligi ma’lum.

The New York Times gazetasining ikki yuqori martabali amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Yaman husiychilari nazoratidagi o‘nlab obektlarga keng ko‘lamli harbiy zarbalar berishni boshlagan.

Husiychilar nazorati ostidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi zarbalar oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgani va to‘qqiz kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Husiychilar – yamanlik shia jangari harakati bo‘lib, rasman «Ansorulloh» nomi bilan tanilgan. Ular Yaman hukumatiga qarshi, shuningdek, Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilariga faol qurolli qarshilik ko‘rsatadi, Isroilni asosiy dushmani deb hisoblaydi.

Harakat 1990-yillarda Husayn Al-Husiy ta’sirida paydo bo‘lgan va uning nomi bilan atalgan. Husiychilar 2014 yildan beri mamlakat poytaxti Sanoni hamda mamlakat shimoli-g‘arbini nazorat qiladi, ammo xalqaro darajada tan olinmagan. Ular Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va bu ularni Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kengroq mintaqaviy qarama-qarshilikning bir qismiga aylantiradi.