Ayni paytda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi o‘tgan haftaning payshanba kunidan beri tinch aholi vakillaridan 111 nafari o‘ldirilganini tasdiqladi, ammo haqiqiy raqamlar ancha katta ekani taxmin qilinmoqda.

Agentlik bu qotilliklarning aksariyatini sudsiz va tergovsiz qatllar deb hisoblaydi, aftidan, ular diniy sabablarga ko‘ra, ayniqsa, asosan alaviylar yashaydigan hududlarda amalga oshirilgan. Ba’zi hollarda butun oilalar o‘ldirilgan.

Buyuk Britaniyada joylashgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini kuzatish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar paytida 1300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, bu qotilliklar asosan O‘rta Yer dengizi sohili bo‘yidagi Lataqiya va Tartus viloyatlarida ro‘y bergan. Dushanba kuni markaz kuzatuvchilari o‘ldirilganlardan 1000 ga yaqin tinch aholi vakillari bo‘lgani, ularning aksariyati yangi hukumatga aloqador yoki unga sodiq bo‘lgan jangarilar tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu odamlarni Suriyaning yangi hukmdorlari kuch tuzilmalari o‘ldirgani haqidagi da’volarni tasdiqlash imkonsiz.

Manbalarga ko‘ra, yangi hukumat xavfsizlik xizmatining 230 nafar xodimi va Asad tarafdorlari bo‘lgan 250 nafar jangari ham halok bo‘lgan.

Foto: EPA

O‘tgan yilning dekabr oyida Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi Suriya muxolifati kuchlari prezident Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘darib, 600 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 13 yillik fuqarolar urushiga chek qo‘yganidan so‘ng, Suriyada nisbatan tinchlik o‘rnatilib, mamlakatga qochqinlar qaytib kela boshlagandi.

Biroq yangi hokimiyat o‘rnatilganidan ko‘p o‘tmay, sobiq prezident tarafdorlari – asosan Asadning o‘zi kabi alaviylar – Suriyaning asosan alaviylar yashaydigan shimoli-g‘arbiy sohillarida yangi hukumatga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tardi.

Asad armiyasining sobiq brigada generali Giat Dalla amaldagi hukumatga qarshi isyon e’lon qilib, «Suriyani ozod qilish bo‘yicha harbiy kengash» tuzilishini ma’lum qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, qurollarini topshirishdan bosh tortgan Asad rejimining sobiq xavfsizlik xizmati zobitlari tog‘larda qarshilik guruhini tuzmoqda.

Bunga javoban ash-Shar’a boshchiligidagi «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi va uning ittifoqchilari jangarilari hududda tozalash amaliyoti boshladi.

Payshanba kuni dengiz bo‘yidagi Jabla shahrida isyonchilar qo‘ygan pistirmada xavfsizlik xizmatining 13 nafar xodimi halok bo‘ldi. Bunga javoban rasmiylar mintaqaga qo‘shimcha kuchlar yubordi, ularga qurolli guruhlar va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ayrim shaxslar qo‘shildi.