BBC Ukraina armiyasining Kursk yo‘nalishidagi amaliyotida ishtirok etgan besh nafar ukrainalik harbiy bilan suhbatlashgan. Harbiylar jurnalistlar bilan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali bog‘lanib, kuchli o‘t ochish fonida, yakson etilgan harbiy texnika kolonnalari orasida va Rossiya dronlarining doimiy zarbalari ostida kechgan «halokatli» chekinish haqida gapiradi.

Harbiy xizmatchilarning ismlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan. Materialda 9 martdan 14 martgacha bo‘lgan voqealar haqida so‘z yuritiladi. Harbiylarning ba’zilari Sudja boy berilganidan keyingi «kollaps» haqida gapirgan – bu Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastida yetti oy davomida ushlab turgan eng yirik shahar edi.

RF qurolli kuchlari ukrainlarning Kursk oblastidagi platsdarmini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotning navbatdagi bosqichini 8 mart kuni boshlagandi. 14 martga kelib Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari katta yo‘qotishlarga uchragan holda platsdarmning katta qismini tark etdi (shu bilan birga, AQSh va Rossiya rasmiylari o‘sha kuni hech qanday dalil keltirmagan holda go‘yoki ukrainalik minglab askarlar qurshovga tushib qolganini aytishgandi).

Front chizig‘iga borish cheklangani sababli, vaziyat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishning iloji yo‘q. Ukrainalik askarlar o‘z ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan voqealarni shunday tasvirlaydi.

Volodimir: «Dronlar tun-u kun hujum qiladi»

9 mart kuni Volodimir BBC’ga telegram orqali xabar yo‘llab, u hali ham «vahima va kollaps» hukm surayotgan Sudjada ekanini yozgan.

«Qo‘shinlar va texnika kolonnalari chiqishga harakat qilmoqda, – deydi u. – Ularning bir qismini Rossiya dronlari yo‘lda yoqib yubormoqda. Kunduzi yo‘lga chiqib bo‘lmaydi».

Odamlar va texnikani tashish uchun Sudja va Ukrainaning Sumi oblastini bog‘lovchi birgina asosiy yo‘l bor edi.

Volodimirning so‘zlariga ko‘ra, bir oy oldin bu yo‘lda nisbatan xavfsiz harakatlanish mumkin edi. 9 martga kelib u «to‘lig‘icha dushman zarbalari nazoratiga o‘tdi – dronlar kecha-yu kunduz parvoz qila boshladi».

«Bir daqiqa ichida ikki-uchta dronni uchratish mumkin. Bu juda ko‘p», – deya tushuntirdi u.

«Bizda butun moddiy-texnik ta’minot birgina Sudja-Sumi trassasi orqali edi, – deydi Volodimir. – Rossiyaliklar uni to‘sib qo‘yishga urinishini hamma bilardi. Ammo bu yana qo‘mondonligimiz uchun kutilmagan holat bo‘lib chiqdi».