Boks 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va IBA o‘rtasidagi mojaro tufayli sportning ushbu turi bo‘yicha turnir Olimpiya o‘yinlari dasturidan chiqarilgandi. Masala World Boxing tashkiloti tuzilishi orqali hal etildi.

Boks sport turi rasman Los-Anjyeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. Bu haqda Gretsiyada o‘tayotgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 144-Sessiyasida rasman e’lon qilindi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.
Bellashuvlar World Boxing tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi.
Bungacha O‘zbekiston delegatsiyasi eng ko‘p medal oladigan boks bo‘yicha turnir Olimpiya o‘yinlari dasturidan butunlay olib tashlanishi haqida xavotirlar mavjud edi. Bunga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) o‘rtasidagi mojaroli munosabatlar sabab edi.
2023 yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi moliya, boshqaruv va hakamlik bilan bog‘liq muammolar tufayli Xalqaro boks assotsiatsiyasini tan olishi haqidagi qarorini bekor qilgandi. XOQ fikriga ko‘ra, 2020 yilda IBA tashkiloti rahbarligiga kelgan rossiyalik Umar Kremlyov vaziyatni yaxshilay olmadi. Oqibatda, tarixda birinchi marta Olimpiya sportining boshqaruv organi Olimpiya oilasidan chiqarib yuborildi.
IBA chetlatish bo‘yicha tavsiyani «jirkanch va mutlaq siyosiy» deb atadi va Sport arbitraj sudiga murojaat qildi. Biroq, sud tavsiyani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi apellyatsiyani qabul qilmadi. Natijada, IBA tashkilotini Olimpiya oilasidan chiqarib tashlash uchun XOQ qarori qabul qilinishiga hech narsa to‘sqinlik qilmaydigan bo‘ldi.
«Boks va bokschilar bilan hech qanday muammomiz yo‘q. Agar muammo bo‘lganida, Tokio va Parijdagi musobaqalar o‘tkazilmagan bo‘lardi. Biz boksni juda qadrlaymiz, ammo, afsuski, bizda IBA rahbariyati tufayli juda jiddiy muammolar mavjud. Biz boksni juda qadrlaganimiz sababli, bokschilar xalqaro federatsiya tomonidan adolatli va shaffof boshqaruvga loyiq deb hisoblaymiz», - degandi XOQ rahbari Tomas Bax.
Shundan keyin niderlandiyalik Boris van der Vorst Umar Kremlyov boshqaruvidan norozi bo‘lgan 18 ta milliy havaskor boks federatsiyasini o‘z ichiga olgan World Boxing tashkilotini tuzdi. Uning maqsadi «havaskor boksning Olimpiya kelajagini saqlab qolish» deb ataldi.
Tashkilot boksni Olimpiya sporti sifatida saqlab qolish uchun kampaniya olib bordi va qisqa muddatda 50 dan ortiq federatsiyani o‘z safiga jalb etdi. 2024 yil noyabriga kelib Qozog‘iston boks federatsiyasi ortidan O‘zbekiston boks federatsiyasi ham IBA’ni tark etib, World Boxing a’zosiga aylangandi.
Mavzuga oid

21:28 / 17.03.2025
Boks 2028 yilda Olimpiada dasturiga qaytishi mumkin

17:43 / 10.03.2025
Muhammad Ali uchun o‘ch: Taysonning tarixiy jangi haqida

20:41 / 26.02.2025
World Boxing federatsiyasi XOQ tomonidan vaqtincha tan olindi

14:26 / 13.02.2025