Jahon | 13:43 / 22.03.2025
3094
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada halok bo‘lgani tasdiqlangan rossiyalik harbiylar soni 100 mingga yaqinlashdi

So‘nggi oylarda halok bo‘lganlarning aksariyati – ko‘ngilli sifatida shartnoma imzolaganlardir. Jurnalistlar o‘z ro‘yxatiga faqat o‘limi hujjatlar bilan tasdiqlangan rossiyalik harbiylarni kiritgan – qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin. Xususan, ingliz razvedkasi Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik askarlar sonini 200-250 mingga baholagan.

Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Ukrainadai urushda halok bo‘lgani hujjatlar bilan tasdiqlangan rossiyalik harbiylar soni 100 mingga yaqinlashdi. «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda ochiq manbalar orqali o‘lim holatlari hisobini yuritayotgan BBC rus xizmati yozishicha, 21 mart holatiga ko‘ra, jurnalistlar keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukrainada halok bo‘lgan 99 ming 113 nafar rossiyalik askarning ismini aniqlagan.

Mutlaq raqamlarda eng ko‘p qurbonlar Boshqirdistonga to‘g‘ri keladi – 4468 kishi. Nisbatan (mintaqa aholisining umumiy sonini hisobga olgan holda) Tuva aholisi eng ko‘p halok bo‘lmoqda – ularning urushda halok bo‘lish ehtimoli Moskva aholisiga qaraganda 35 baravar yuqori, deb yozadi nashr.

Aniqlangan yo‘qotishlarning yarmidan ko‘pi – urush boshlangan paytda Mudofaa vazirligi yoki Rosgvardiya bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan odamlardir.

So‘nggi oylarda halok bo‘lganlarning aksariyati – ko‘ngillilardir. 2024 yil boshidan beri ular boshqa toifalarga (safarbar qilinganlar, mahbuslar, shartnoma bo‘yicha) qaraganda ko‘proq halok bo‘lmoqda. Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri ko‘ngillilar jurnalistlar tomonidan aniqlangan barcha yo‘qotishlarning deyarli chorak qismini (24 foiz) tashkil etadi.

Rossiyadagi regionlar ko‘ngillilar oqimini hududdagi o‘rtacha ish haqiga solishtirganda ulkan miqdordagi bonuslar bilan rag‘batlantiradi. Odatda shartnomani imzolashda ko‘ngilli askar federal budjetdan 400 ming rubl va regional budjetdan kamida shuncha pul oladi – ammo ko‘plab regionlar ko‘ngillilarni yollash rejasini oshirib bajarishga harakat qilib, bu to‘lovlarni bir necha barobar oshiradi. Xususan, qishda Samara oblastida region ma’muriyati beradigan to‘lov rekord darajadagi 3,6 million rublga yetgandi (keyinchalik u 2,1 millionga qisqartirildi).

BBC rus xizmati va «Mediazona»ning halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlari kamaytirib ko‘rsatilgan, chunki ular faqat ochiq manbalarda hujjatlar orqali tasdiqlangan o‘lim holatlarini o‘z ichiga oladi. «Meduza» va «Mediazona» urushning uch yilligida ortiqcha erkaklar o‘limini statistik baholash orqali bunday o‘limlar soni 160-165 ming kishi atrofida ekanini aniqlagan.

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasi halok bo‘lgan va yaralanganlar bilan birga qariyb 900 ming kishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Londonning baholashicha, halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni 200-250 mingni tashkil etadi — bu Rossiya uchun Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta yo‘qotishdir.

Mavzuga oid