Dunyo siyosati Sovuq urush vaqtida ikki qutbli, undan keyin bir qutbli edi, oxirgi yillarda esa ko‘p qutbli dunyo tartiboti shakllanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Bu – kichik va o‘rta davlatlar, xususan Markaziy Osiyo oldiga qanday vazifalarni qo‘yadi?
1945 yilda Ikkinchi jahon urushi tugagach, dunyoda ikki qutblilik davri boshlandi. Sovuq urush davrida ikki global qutb, ikki qudrat, ikki lager butun dunyodagi ishlarni birgalikda yoki raqobatda boshqarib keldi. Dunyoning qayerida ziddiyatlar, tirashuvlar, urushlar bo‘lsa, mana shu ikki davlatning qo‘li aniq bo‘lar edi. Bu – SSSR va AQSh edi.
Sobiq SSSR qulagach, dunyoda bir qutblilik davri boshlandi. AQSh sovuq urushning g‘olibi edi.
Lekin mana, sobiq sotsialistik lager qulaganidan 34 yil o‘tib, dunyoda g‘alati bir vaziyat shakllandi. Bugungi holat na bir qutbli, na ko‘p qutbli hisoblanadi. Bir qutblilik tugab, ko‘p qutblilik shakllanish jarayonining boshidamiz. Keyingi 20-25 yil ichida AQSh ko‘plab xatolar qildi, natijada uning reputatsiyasi va resurslari kamayishi tezlashdi. 2001 yil 11 sentabrdan keyin AQSh Afg‘oniston va Iroqqa kirib keldi, va behuda urushlar olib bordi.
Bu vaqtda Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va global janub o‘sishda davom etdi. Bugun XXR – AQSh uchun eng kuchli global raqib. Agar AQShning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi 15 foizni tashkil qilsa, XXRning ulushi 18 foizni tashkil qiladi. Xitoy – dunyo tartibotini o‘zgartirishdan manfaatdor, revizionist davlatlardan. Xitoy 19-20 asrlarni o‘zi uchun “tahqirlangan asrlar” deb biladi. Ya’ni, “biz g‘arb davlatlari tomonidan tahqirlandik, endi o‘zimizning munosib maqomimizni egallashimiz kerak” deydi.
Putin boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi ham global tartibot o‘zgarishidan manfaatdor davlatlardan. Rossiya Sovuq urush natijalarini reviziya qilishni istaydi. Sovuq urush natijasida SSSRning parchalanishi va Rossiya maqomining pastlashini Putin “asrning eng katta fojiasi” deb biladi. Putin uchun tarixiy oriyentir – 1945 yildagi SSSR triumfi, Yalta kelishuvlari va dunyoning bo‘lib olinishi hisoblanadi.
Dunyoda ko‘p qutblilikning shakllanishi – obektiv jarayon. Bu jarayonni to‘xtatish imkonsiz. Bu yaqin o‘n yilliklarda AQSh eng qudratli davlat bo‘lib qolaveradi, lekin dunyo ishlaridagi AQShning monopoliyasi 1990-yillardagi kabi, Klinton davridagi kabi bo‘lmaydi. Hatto kollektiv g‘arb ichida ham turfa xillik kuchayib boradi. Qolaversa, AQShning o‘zi dunyo ishlaridan toliqqandek. Hokimiyatda – izolyatsionist Tramp va uning ma’muriyati. Tramp keyingi 80 yillik AQSh tarixida yangi siyosiy eksperiment boshladi. U AQShning ichki va tashqi siyosatdagi mas’uliyatlarini, majburiyatlarini optimallashtirmoqchi. Bu, ayni paytda, AQShning global qudratiga ham soya solishi aniq.















