O‘zbekistonda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiq suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilish talabi bekor qilindi. Endilikda muddati yetgan hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish ta’minotchi korxonalar zimmasida.

Bu boradagi davlat xizmatlarini proaktiv shaklga o‘tkazish o‘tgan yil dekabrdagi hukumat qarorida belgilangan.

Adliya vazirligi mas’ul xodimi Elyor Karimov Kun.uz'ga bu tartib qanday ishlashini tushuntirib berdi.

– Jismoniy shaxslar har 8 yilda, yuridik shaxslar 4 yilda elektr energiyasi, gaz va suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishi kerak. Shu paytgacha buning uchun fuqarolar va yuridik shaxslar davlat xizmatlari markaziga borib, yoki my.gov.uz portali orqali qiyoslashdan o‘tkazish uchun ariza berishi kerak edi.

Hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish nima degani? Bunda metrologiya xizmati hisoblagich to‘g‘ri ishlayaptimi-yo‘qmi tekshiradi. Masalan, 1 litr suvni o‘tkazib, 2 litr deb ko‘rsatmayaptimi, shu kabi tekshirishlar o‘tkaziladi.

Avvalgi tizimda ariza ta’minotchi korxonaga borib tushganidan keyin, ta’minotchi korxonadan odam kelib, hisoblagichni yechib olib ketadi. Qiyoslashdan o‘tkazadi va qaytarib olib kelib o‘rnatib berardi. Bunda majburiyat fuqarolarning o‘z bo‘ynida edi.

Hozir esa fuqarolar hech qayerga ariza bermaydigan bo‘ldi. Ta’minotchi korxonaning o‘zi hisoblagichlarni kuzatib boradi: qiyoslashdan o‘tkazishga 3 oy muddat qolganda har bir xonadon yoki korxonaga borib, hisoblagichlarni yechib olib ketadi, qaytarib olib kelib o‘rnatadi.

Qiyoslashdan o‘tkazish uchun to‘lov shaxsiy hisobdan avtomatik yechib olinadi. Shu paytgacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, ariza berilgan paytda qiyoslashdan o‘tkazish uchun alohida to‘lov qilinardi. Yangi tartib bilan esa hisobraqamdagi pul yechib olinadi. Masalan, siz tok yoki gazga to‘lov qilib qo‘ygan bo‘lsangiz, o‘sha puldan olinadi.

Qiyoslashdan o‘tkazish summasi hozirgi kunda jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (75 ming so‘m), yuridik shaxslar uchun BHMning 1,5 barobari (562 500 so‘m) hisoblanadi.

– Agar hisobraqamda yetarlicha pul bo‘lmasa-chi?

– Qarzga yoziladi va pul to‘laganingizda yechib olinadi.