Jahon | 09:13 / 25.03.2025
2101
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti: Ukrainadagi tinchlik bo‘yicha tafsilotlar sulhdan keyin ochiqlanadi

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning mohiyatini faqat to‘liq o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin muhokama qilish mumkin, deya ma’lum qildi AQSh Davlat departamenti.

Temmi Bryus / Foto: Celal Gunes

Rossiya va Ukraina o‘rtasida mustahkam tinchlik o‘rnatilishi haqidagi tafsilotlarni faqat o‘t ochish to‘liq to‘xtatilgandan keyin muhokama qilish mumkin. Bu haqda 24 mart, dushanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus brifingda jurnalistning Oq uy Rossiyaning anneksiya qilingan Ukraina hududlariga bo‘lgan huquqlarini qonuniy deb hisoblaydimi, degan savoliga javob berar ekan aytib o‘tdi.

Bryusning ta’kidlashicha, amerikalik muzokarachilar hozirda mojaroning barcha tomonlarini qanoatlantiradigan yechim ustida ishlamoqda. «Biz bu yerda qilmoqchi bo‘lgan ishimizning mohiyati shu mintaqada, bu ikki davlatda tinchlikni ta’minlashdan iborat... Prezident Donald Tramp aynan shu narsaga e’tibor qaratmoqda», — dedi matbuot kotibi.

Ar-Riyodda Rossiya-AQSh muzokaralari yakunlandi 

24 mart kuni kechqurun Ar-Riyodda Rossiya va AQSh delegatsiyalari muzokaralarini yakunladi, deb xabar beradi Rossiya davlat agentliklari TASS va RIA Novosti. Uchrashuv 12 soatdan ortiq davom etdi.

Bir kun avval, 23 mart kuni Ar-Riyodda Vashington va Kiyev vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan keyin Ukraina delegatsiyasi AQSh-Rossiya muzokaralari natijalarini kutish uchun Ar-Riyodda qoldi. 25 mart kuni Ukraina delegatsiyasining AQSh vakillari bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Rossiyaga hududiy imtiyozlar 

18 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan inauguratsiyadan keyingi ikkinchi telefon muloqotini o‘tkazdi. Suhbat oldidan Tramp Putin bilan Ukrainaga qarshi o‘t ochishni to‘xtatgan taqdirda Rossiya o‘zida qanday hududlar va mulklarni saqlab qolishi masalasini muhokama qilish niyatida ekanligini aniq aytdi. The New York Times (NYT) gazetasining yozishicha, Tramp ma’muriyati Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizi ustidan nazoratni saqlab qolishi mumkinligini allaqachon aniq aytgan.

Shu tariqa, Vashington Qrimning Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha bo‘lajak kelishuv doirasida Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi 17 mart kuni Amerikaning Semafor nashri ikki manbaga tayanib. Oq uy BMTni ham shunday qilishga chaqirish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deya xabar beradi nashr manbalari.

Mavzuga oid

E`lonlar