Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning «Ko‘ksaroy» qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi matnini keltirdi.

Bismillahir rahmonir rahim.

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlar!

Qadrli mehmonlar!

Ciz, azizlarni, butun xalqimizni, uzoq-yaqindagi jamiki musulmon ummatini davom etayotgan muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va farovonlik yor bo‘lishini tilayman.

Ushbu sharofatli oyda go‘zal diyorimizda mana shunday fayzli iftorlik marosimini el-yurtimiz bilan birgalikda o‘tkazish nasib etgani uchun mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi davramizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimizga – xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga, diniy konfessiyalar rahbarlariga Vatanimiz va xalqimizga ko‘rsatayotgan yuksak ehtirom va e’tiborlari uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Cizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya bizning faoliyat dasturimizga aylanmoqda. Shu asosda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Fuqarolarimizning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanayotgani bu yil Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Muqaddas dinimiz buyurgan xayrli amallar – ahillik va hamjihatlik, mehr-saxovat, sabru qanoat, axloq-odob, ilmu ma’rifat fazilatlari jamiyatimizda tobora mustahkam bo‘lib bormoqda. Xususan, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, ulug‘ allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy-ma’naviy loyiha sifatida mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.