Putin ilk marta Rossiya prezidenti etib saylanganiga bugun roppa-rosa 25 yil to‘ldi. Ko‘plab ekspertlar fikricha, KGBdan chiqqan bu siyosatchining eng katta maqsadi – “ikkinchi Yalta kelishuvi”ga erishish. Xo‘sh, 80 yil oldin Stalin va Ruzvelt Qrimda nimalarga kelishgan edi? Hozir Putin va Trampdan “ikkinchi Yalta”ni kutish mumkinmi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hokimiyatga kelganiga chorak asr bo‘ldi. U roppa-rosa 25 yil oldin – 2000 yilning 26 mart kuni rasman prezident bo‘lib saylangan edi. Orada bir muddat, 2008-12 yillarda RFni Dmitriy Medvedev boshqargan vaqtda ham, Putin bosh vazir sifatida qabul qilinayotgan qarorlarga juda katta ta’sir qilar edi. Uning ustiga, Medvedev Putindan mustaqil bo‘lishga yoki unga qarshi chiqishga jur’at qila olmagan.
Aksariyat ekspertlar aytadiki, Putin uchun tarixiy eng muhim davr – bu 1945 yil: SSSR dunyodagi eng yirik ikki qudratning biri bo‘lishi, dunyo ishlaridagi rasmiy Moskvaning ovozi baland kela boshlashi, Yevropa ustidan SSSRning ta’siri oshishi.
Aynan shuning uchun, “Putinning urushlardan, G‘arb bilan tirashuvlardan asosiy maqsadi – ikkinchi Yalta kelishuvchiga erishishdir” degan qarash juda keng tarqalgan. Xo‘sh, Yalta konferensiyasida nima bo‘lgan edi?
Urush oxirlab, Hitlerning mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib qolganda, 1945 yilning 4-11 fevral kunlari Qrim yarimorolining Yalta shahrida SSSR, AQSh va Britaniya rahbarlari o‘rtasida 8 kunlik konferensiya bo‘lib o‘tadi. Yaltada asosan to‘rtta katta masala muhokama qilinadi: urushdan keyingi Germaniya taqdiri, Polsha, Yaponiya va tuzilishi kutilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti.
8 kun mobaynida uch davlatning liderlari ertalabdan kechgacha shu masalalarda kompromiss izlashadi, talashib tortishadi. AQSh prezidenti Ruzveltning sog‘lig‘i ancha og‘ir, u bu konferensiyaga juda qiynalib keladi. Nogironlar aravachasiga o‘tirib qolgan 63 yoshli Ruzveltni aravachadan stulga o‘tkazish uchun 2-3 kishi ko‘tarib, o‘tirg‘izib qo‘yishi kerak. 70 yoshli Cherchilning ham sog‘lig‘i yaxshi emas. Yalta konferensiyasidan bir oy o‘tib, Ruzvelt vafot etadi. 1945 yilning iyuliga borib, Cherchill saylovlarda yutqazib qo‘yadi va hokimiyatdan ketadi.
Stalin, Ruzvelt va Cherchill Yaltada urushdan keyingi dunyo tartibotini kelishib olishgan. Bu kelishuvlardan eng ko‘p yutgan davlat sifatida SSSR ko‘riladi. Sharqiy Yevropa, Polsha va Germaniyaning sharqiy qismi, Yaponiyaning Kurill orollari va Saxalin – barchasi bevosita yoki bilvosita SSSR nazoratiga o‘tadi. BMTda ham SSSRning ovozi hal qiluvlar qatorida bo‘ladi.















